Xitoy jahonda iqtisodiy kuchga aylanar ekan, tabiiy zaxiralarga boy Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlamoqda. Rossiya ta’sir doirasidagi mintaqada Xitoyning faollashgani Moskva-Pekin munosabatlarida ziddiyat keltirib chiqarishi mumkin, deydi ayrim tahlilchilar.

Pekin hozir yangi xalqaro bank tuzish bilan ovora. Tojikistonlik tahlilchilarga ko’ra, iqtisodiyotini tiklash uchun Markaziy Osiyo o'lkalari Xitoy madadiga tayanishi tabiiy hol.

Tojik tahlilchilari Markaziy Osiyoda Xitoy ta’siri ortib borayotganini ta’kidlar ekan, bu, asosan, yo’l-transport, energetika, sanoat va qurilish sohalarida ko'proq kuzatilayotganini aytadi.

Mahalliy siyosatshunos Abdujabbor Yo'ldoshev Tojikistonda Xitoy ta’sirining ortishi iqtisodiy taraqqiyotda respublika qaramligini oshiradi, deb hisoblaydi. Tojik-Xitoy qo'shma korxonasi xodimi Maxsum Nusratulloyev esa bu kabi iddaolarga qarshi. Xitoyni gegemonlik va moliyaviy xurujda ayblash noto'g'ri, deydi u.

"To’g’ri, ular pul qo’yib regionni qo’lga olmoqda, lekin bunga alternativ davlat qani? Rossiya, Yevropa, Amerika deyishadi-yu, lekin ularning birortasi Tojikistonga Xitoychalik kirib kelmagan",- deydi tojik muhandisi.

Mahalliy ekspert Ne’matullo Mirsaidov oldinlari Xitoy barcha qo’shnilariga yer da’vosini qilib kelgan, hozir ham Mongoliyaga da’vo qilishi mumkin deydi.

"Lekin gap bugungi dunyoda territoriyada emas, mamlakatlarni bosib olmasdan turib ham idora qilish mumkin. Xitoy aynan mana shunday yo’l bilan dunyoni qo’lga olmoqda. Avvalo kapital, tovar va ishchi kuchi. Bu ularning puxta siyosati", - deydi Mirsaidov.

Mahalliy ziyoli Xurshed Nizomov Xitoyning kapital va tijorat bilan Markaziy Osiyoga kirib kelishida milliy davlatchilik asoslariga tahdidni ko’radi. Savdogar, ishchi kuchi sifatida kirib kelgan erkaklar tojik qizlariga ham egalik qilmoqda, kelajakda genofonimiz nima bo’ladi, deb qayg’uradi u.

"Qozog’iston, O’zbekistonda bo’laman, xitoyliklar u yerlarda bizdagichalik o’zidan ketmagan. Bu yerda esa ba’zilari mahalliy hukumatga ham bo’ysunmaydi", - deydi Xurshed Nizomov.

Tojikiston mustaqil OAVlarida mahalliy dehqonlarning Xitoy fermerlaridan noroziligi bayon etilgan maqolalar chiqib turadi. Ularda mahalliy tadbirkorlar nima uchun yuzlab gektar yerlar o’zlaridagi ishsizlarga emas, xitoyliklarga ishonib berib qo’yilgani tanqid qilinadi. Masalan, Naim Sharipov ismli tadbirkor xitoyliklar ijaraga olingan tojik yerlariga hech kimni kiritmasligini, o’zlarini xondek sezib, hech kimga bo’ysunmasliklarini ta’kidlaydi.

Tojik eksperti Abdujabbor Yo'ldoshev Xitoyning Markaziy Osiyoga, xususan, Tojikistonga ko’lamli ta’sirini Amerika tashqi siyosatining ko’proq boshqa regionlarga qaratilgani bilan bog’laydi.

Uning fikricha, Xitoy Amerikaning Iroq va Afg’onistondagi siyosati ortidan obro’sizlanganidan foydalanib, Eron, Braziliya, Rossiya kabi davlatlar bilan birga mintaqaga ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda; regionga ulkan sarmoyalar ajratib, shu bahona ishchi kuchi kiritib, asta-sekin mintaqa davlatlarini o’ziga bog’lab qo’ymoqda.

"Buning asosiy faktori mintaqada avj olishi mumkin bo’lgan diniy ekstremizm. Xitoy ham, Markaziy Osiyo rahbarlari ham bundan cho’chiydi. Xitoyda Sharqiy Turkiston bo’lsa, bizda Farg’ona vodiysi va Badaxshon potensial tahdidli hudud deb ko’riladi. Bu hudud esa Xitoy bilan chegaradosh yerlar, manfaatlar va xatarlar birligi bor bunda", - deydi Abdujabbor Yo'ldoshev.

Ekspertning fikricha, hozir Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Xitoy orasida raqobat ketmoqda. Hamma narsani pul va resurslar hal qiladi, deydi ular.

Rasmiylarning aytishicha, Tojikiston bu masalada Rossiya bilan hamfikr bo’lsa-da, ularga umid qilib bo’lmaydi va ko’p sohalarda Xitoy bilan hamkorlik foydali ko’riladi.

"Moskvaning bugungi sharoitini bilamiz, hozirda tog’-kon sanoati, qurilish va tovar ayirboshlashda Xitoy Tojikiston uchun eng muhim siyosiy-iqtisodiy sherik hisoblanadi. Eng katta sarmoya ham ulardan, bu biz uchun muhim", - deydi o'z ism-sharifini aytishni istamagan rasmiy.

Ayrim tojik tahlilchilar nazarida Xitoy Tojikistonga xom-ashyo bazasi va arzonu-sifatsiz tovarlariga bozor sifatidagina qaraydi.

XS
SM
MD
LG