Fevral - AQShda qora tanlilar tarixi oyi

  • Amerika Ovozi

AQShning tarixiy fuqarolik huquqlari harakati faoli S.T. Vivian

AQShning tarixiy fuqarolik huquqlari harakati faoli S.T. Vivian

Fevral oyi AQShda har yili qora tanlilar tarixiga bag'ishlanadi. Muhim voqealar va shaxslar yodga olinadi. Irqchilikka qarshi kurash, fuqarolik huquqlari harakati muhokama qilinadi.

S.T. Vivian saylov huquqini qo’lga kiritish uchun Martin Lyuter King bilan birga ishlagan.

“Demokratik davlat bo'la turib, Amerikada 10-20 million odamda ovoz berish huquqi yo'q edi. Bu o’lkaning har bir urushida qatnashdik, jonimizni berdik. Ammo 1965-yilgacha saylash huquqiga ega bo’lmadik”, - deydi u.

Vivian va boshqalar Alabamaning Selma shahrida qora tanlilarni ro’yxatga olish harakatiga qo’shiladi. Yarim asr avval Selmada boshqa shaharlar kabi irqiy ayirmachilik hukm surar, oq tanlilar qoralarni saylovda qatnashishdan mahrum qilish uchun maxsus qoidalar ishlab chiqqan edi.

“Saylash huquqi uchun bizni o’ldirishdi. Kechalari politsiya do’pposlab ketdi. Kunduzi esa nazoratda ushlab turish uchun nishonga olishar edi”, - deya eslaydi keksa faol.

Vivian hatto ochiq ayirmachi bo’lgan sheriff Jim Klarkka qarshi chiqqan.

“Men unga bizdan yuz o’girishing mumkin, ammo adolatdan yuz o’gira olmaysan, deb aytganman. U doimgi ishidan qolmadi, ya’ni odamlarni urdi”, - deydi u.

Vivian irqchilikni fosh etish uchun tarafdorlarini Selmadagi sud binosi oldiga boshlab bordi.

“Saylash huquqisiz bu mamlakatning fuqarosi bo’la olmasligimizni bilardik. Bu huquqni qo’lga kiritishimizni ham bilardik”, - deydi u.

“Adolatsizliklarni yo’q qilish ucun inson tatbiq etgan eng kuchli qurol bu saylovdir”, - degan edi Prezident Lindon Jonson.

1965-yil Prezident Lindon Jonson Saylash huquqlari qonunini imzolagach, Vivian nihoyat g’olib chiqishganini sezdi.

“Shu ondan boshlab saylash huquqiga ega bo’lganimiz haqida shubham qolmadi. Bundan juda faxrlanaman, chunki u bizga qadr-qimmatimizni qaytarib berdi”, - deydi u.

Vivian o’tgan umridan mamnun.

“Tariximizni juda kam oqlar va hatto juda kam qora tanlilar bilishadi. Ozodligingiz uchun jonini qurbon qilgan odamni bilsangiz, bu sizni o’ylashga undashi kerak. Natijada kurashni tushunishingiz osonlashadi”, - deydi keksa faol.

Vivian o’zining qora tanli amerikaliklar ozodligi va tengligi uchun kurashgan inson sifatida xotirlanishini istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG