Xorijlik talabalar Amerika universitetlari uchun muhim daromad manbai

  • Amerika Ovozi

Xorijlik talabalar Amerika universitetlari uchun muhim daromad manbai

Xorijlik talabalar Amerika universitetlari uchun muhim daromad manbai

O’tgan bir yil ichida Amerika universitetlariga xorijdan 670 ming talaba qabul qilingan. O’qish qimmat. Yiliga 20-30 ming. Chet ellik studentlar bu davlatga yiliga 11-12 milliard dollar olib keladi. Janubiy Kaliforniya Universiteti bu borada yetakchilik qilayotgan ilm maskani.

Universitetiga yangi qabul qilingan horijlik talabalar, maxsus tanishuv darsi orqali amerikalik tengdoshlari bilan do’stlashib, bu yerdagi hayot va o’qish jarayoni haqidagi o’rganadi.

Vinsent Vigil bu yerda o’qituvchi. Uning aytishicha bu har ikki tomon uchun foydali muloqot.

“Amerikalik talabalar ham turli davlatlardan do’st orttiradi, o’rganadi va yangi kelganlarga bu yerga ko’nikishga yordam beradi”, - deydi u.

Janubiy Kaliforniya Universiteti (University of Southern California) sport fakulteti va atletlari bilan nom qozongan. Lekin boshqa sohalarda ham keng imkoniyatlar taklif qiladi.

Universitetning kinoshunoslik fakultetida mashhur Gollivud kino ustasi Jorj Lukas ham tahsil olgan.

Bu ilm maskanida biznes, san’at, jurnalistika va muhandislik fakultetlari mavjud. Universitetda 30 mingdan ziyod talaba tahsil olsa, shulardan 6600 nafari chet ellik. Magistrlik darajasi uchun o’qiyotganlarning to’rtdan biri, bakalavrlarning esa 10 dan biri boshqa yurtdan kelgan yoshlar. Toni Tambasiya universitetning xalqaro aloqalar bo’limi rahbari.

“Ayni paytda universitetimizda 115 davlatdan kelgan talabalar o’qiydi. Soni jihatidan hindistonliklar birinchi o’rinda turadi. Bir yarim mingdan ziyod. Ikkinchi o’rinda esa xitoyliklar", - deydi u.

Xorijlik talabalar Amerika universitetlari uchun muhim daromad manbai. Ular ko’p hollarda o’qish uchun 100 foiz haq to’laydi. Janubiy Kaliforniya Universitetida ilm olayotgan chet elliklarning atigi 5 foizi stipendiya va grantlar hisobiga kelgan xolos.

Qiziqish kuchli ekan, chet eldan talabalar oqimi keng ekan, bu universitetga kirish uchun raqobat ham shunga yarasha.

“Universitetimizda juda ko’p osiyolik talabalar tahsil oladi. Osiyo mamlakatlari bilan azaldan hamkorlik qilamiz", - deydi Katrin Harington universitetning qabul kommisiyasi a’zosi.

Birinchi osiyolik talaba yaponiyalik bo’lib, 1890 yilda bu universitetda tahsil olgan.Xitoylik talaba Yuan Si Jao hozir kommunikatsia boshqaruvi fakultetida magistr darajasini olish arafasida.

“Bu universitetda juda ko’p dostlarim o’qigan. Shuning uchun men ham bu yerga kelishga qaror qilganman. Yoshligimdan bu universitet haqida bilar edim", - deydi xitoylik talaba.

Kaliforniyaning betakror tabiati ham talabalarni o’ziga tortadi. Lekin hordiq chiqarishga vaqt yo’q, deydi muhandislik fakultetida tahsil olayotgan hindistonlik talaba.

“Darslar shu qadar ko’pki o’ynashga fursat yo’q. Men bo’sh bo’lsam do’stlarim band bo’ladi, ular bo’shaganida mening vaqtim bo’lmaydi”.

Janubiy Kaliforniya Universitetida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan yoshlar ham ko’p, xususan O’zbekistondan 10 dan ortiq talaba bu ilm dargohida tahsil oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG