O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi: Huquq haqida gaplashishdan foyda bormi?


2012-yilning 28-noyabrida Toshkentda kechgan muloqot. Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda boshqa rasmiylar.

2012-yilning 28-noyabrida Toshkentda kechgan muloqot. Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda boshqa rasmiylar.

Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston inson huquqlari bo’yicha muloqotni davom ettirib, yana bir muhokama arafasida. Toshkentga blokdan borgan delegatsiya rasmiylar va mahalliy faollar bilan uchrashgan. Mustaqil huquqbonlar Yevropa Ittifoqini inson huquqlari masalasida keskinroq pozitsiyada turishga chaqirgan.


O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi ma’lumotiga ko’ra, delegatsiya mahalliy faollar bilan Toshkentdagi vakolatxonada ko’rishgan. O’zbekistonda majburiy mehnat, qiynoqlar, siyosiy tazyiq va so’nggi hibslar xususida gaplashilgan.

Yevropa parlamenti deputatlaridan iborat guruh hukumat a’zolari bilan ham muloqot qilgan.

Huquq bobida muloqot samara berishiga ishonch past. Vaziyat shu qadar murakkabki, bunday uchrashuvlarda gap huquq himoyachilari va faollarga nisbatan kuchaygan bosim bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, deydi kuzatuvchilar, O’zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash, adliya va ichki ishlar tizimini isloh qilish singari ulkan masalalarga e’tibor qaratish lozim.

Bryusselda joylashgan Inson huquqlari bo’yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti va Fransiyada asoslangan “O’tyuraklar klubi" nazarida muloqot siljishi uchun avvalo O’zbekistonda bosimga nuqta qo’yilishi kerak. Huquq himoyachilarining ahvoli og’ir bo’lib turgan bir paytda oddiy fuqarolarning huquqlari haqida gapirish qiyin, deydi Mo’tabar Tojiboyeva, “O’tyuraklar klubi” rahbari. Tashkilot bu borada bayonot tarqatdi.

“Inson huquqlari himoyachilari va fuqarolik jamiyati vakillariga bo’layotgan bosimlar va ta’qiblarni to’xtatib, qamoqdagi faollarni ozod etish etishga hamda ularning yaqinlariga bosimni to’xtatishni talab qildik”, - deydi Tojiboyeva.

Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston muloqoti noyabr oyining boshlarida Bryusselda o’tishi kutilmoqda. Aynan qanday masalalar muhokama qilinadi, hozircha noma’lum. Unga mustaqil tashkilotlari va jamoatchilik jalb etilmaydi. Rasmiy muzokara xolos.

“Lekin bu muloqot samara bermayapti deb ham ayta olmaymiz, chunki so’nggi paytda bir nechta faol ozod qilindi. Bu albatta Yevropa Ittifoqi va boshqa demokratik davlatlari O’zbekiston hukumati bilan yuritgan qiyin va uzoq muzokaralar natijasi bu. Lekin aslida Yevropa Ittifoqi va diktatura orasidagi munosabatlarda bu faollar garovda ushlab turilgandek”, - deydi mulohaza yuritadi Mo’tabar Tojiboyeva.

Siyosiy mahbuslar O’zbekiston uchun bag’oyat nozik mavzu. Toshkentga borgan delegatsiya bilan suhbatda bu borada gap ketgan. Xalqaro tashkilotlar qamoqdagi huquq himoyachilari va jurnalistlarni ozod etishni talab qilib keladi.

“Demokaratik prinsiplar uchun kurashgani tufayli qamoqqa olingan faollar savdo-sotiq vositasiga aylanib qolayapti. Biz qamoqda sog’lig’ini mutlaqo yo’qotgan huquq himoyachisi ozod etilishini katta yutuq sifatida qabul qilishga o’rganib qoldik. Vaholanki, inson huquqlarini hurmat qiladigan mamlakatda demokratik faollarni qamoqqa olinishining o’zini aqlga sig’dirish qiyin”, - deydi Mo’tabar Tojiboeva.

Karimov ma’muriyatining pozitsiyasi shuki, mamlakatda siyosiy mahbuslar yo’q va inson huquqlari muntazam ravishda buzilmaydi.

O’zbekiston inson huquqlari milliy markazi direktori, Oliy Majlis a’zosi Akmal Saidov deydiki, xalqaro hamjamiyatning bu boradagi tanqidlarini asossiz.

Faollarga ko’ra esa bu yilgi paxta kampaniyasi huquqbuzarlikning yaqqol ko’rinishi. Minglab aholi, o’quvchi va talabalar, ishchi va turli soha egalari majburiy ravishda paxta terimiga olib chiqildi. Bir nechta talaba, hatto go’daklar paxtazorlarda halok bo’ldi. Terimdan bosh tortganlar tazyiqqa olindi. Termagani uchun odamlar pul to’ladi. Hukumat bu borada savollarga javob berishdan bosh tortadi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG