Michigan shtati, Flint shahrida aholi ikki yildirki suvsiz

  • Amerika Ovozi

Michigan shtati, Flint shahrida rasmiylarning e’tiborsizligi bois ichimlik suvi ifloslanishi ortidan har xil shtatlardan odamlar yordamga oshiqdi. Mahalliy Qizil Xoch tashkiloti shahar aholisini toza suv bilan ta’minlayapti. 2014-yilning aprelida boshlangan tanazzulning esa keti ko’rinmaydi.

Virjiniya Belasko bu yerdan yetti soat naridagi Illinoys shtati, Bayron shahridan. Lekin Michigan shtati, Flint shahri ahli suvsiz qolganini eshitib, darrov yordamga otlandi. Uzoq-ku, demadi.

“Suvsiz yashab bo’ladimi? Odamning asosiy ehtiyojlaridan-ku”, - deydi ayol.

Belasko o’nlab boshqa ko’ngillilar safida bir necha haftadirki, Flintda mehnat qilayapti. Odamlar qayerda yashashidan qat’i nazar, toza ichimlik suvini eltib berayapti.

“Ikki ming ko’ngilli bizga yordamga keldi”, - deydi Qizil Xoch tashkilotidan Kit Alvi.

Alvi tashkilotning Flint shahridagi sa’y-harakatlarini boshqarayapti. Qizil Xoch odatda bundanda xatarli vaziyatlar bilan yuzlashadi, deydi u.

“Ichimlik suvi ta’minoti ekan-ku. Tornado ro’y bergan holatlarda, masalan, yetkazilgan talofatni shundoq ko’rasiz. Yoki to’fondan keyin binoning qayeriga shikast yetkazini bilasiz. Flint shahrida tanazzul asosan suv bilan bog’liq”.

Suv juda yaroqsiz ahvolda. Cho’milish yoki idish yuvish ham mumkin emas.

Boshqa insonparvarlik tashkilotlari bilan ishlayotgan Qizil Xochning bildirishicha, muammo suvni manzilga yetkazishda emas.

“Ko’ngilli yordamchilar yetishmayapti”, - deydi volontyor Linda Sisik.

“Bitta omborni ichimlik suviga liq qilib to’ldirib qo’yish mumkin. Lekin bu idishlarni xonadonma xonadon yurib tarqatib chiqish uchun qo’l kerak”, - deydi Alvi.

Virjiniya Bilasko singari ko’ngillilar hokimiyatdan norozi lekin hamshaharlariga yordamlashayotganidan mamnun.

“Qo’shma Shtatlarda bunaqasi bo’lishini kim o’ylabdi? Butun boshli bir shaharda jo’mrakni burasangiz, suv chiqmasa, bu qanaqasi?”

Flint shahrilik Terens Jonson ko’ngillilarning mehnatidan minnatdor. Lekin ichimlik suvi muammosiga hanuz yechim topilmaganidan toqati toq bo’lib borayapti.

“Quvurlarni tamirlashsin, krandan toza ichimlik suvi oqa boshlasin”, - deydi u.

Muammo qachon hal bo’lishi va qancha pulga tushishini hatto rasmiylar aytolmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG