Tramp tarafdorlari va unga qarshilar partiya qurultoyiga yig'ilmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp oila a'zolari va tarafdorlari davrasida, 21-aprel, 2016-yil.

Donald Tramp oila a'zolari va tarafdorlari davrasida, 21-aprel, 2016-yil.

Respublikachilardan prezidentlik uchun nozmod, AQSh jamiyatidagi deyarli har bir toifani haqoratlaridan bebahra qoldirmagan Donald Tramp nihoyat partiya qurultoyigacha yetib keldi. 18-iyuldan 21-iyulgacha davom etadigan anjumanda respublikachilar prezidentlik uchun partiya nomzodini rasman e'lon qiladi.

Bu safargi nomzod partiya tarixidagi eng bahsli shaxs bo'lishi kutilar ekan, qurultoyga qarshi ko'plab namoyishlar o'tkazish rejalangan.

Ayni paytda Trampni himoya qilish uchun yig'iladigan guruhlar ham bor. Qarshilar va tarafdorlarning bir joyda jamlanishi xavfsizlik yuzasidan vaziyatni og'irlashtirishi mumkin. Chunki shu paytgacha Tramp hozir bo'lgan ko'plab yig'inlar zo'ravonliklarsiz o'tmagan.

Quyida Respublikachilar partiyasi qurultoyida qatnashishi kutilayotgan ayrim guruhlar ro'yxatini e'tiboringizga havola qilamiz.

Trampga qarshilar

Trampni to'xtatish koalitsiyasi va Respublikachilar Milliy Qurultoyi ustidan marsh alyansi. 40 dan ortiq guruhni o'z ichiga olgan bu ittifoq partiya anjumani davomida Trampga qarshi namoyishlar o'tkazishni rejalamoqda. Uning tarkibiga kasaba uyushmalari, talabalar ittifoqlari, musulmon tashkilotlari, immigrant huquqlari uyushmalari hamda urushga qarshi guruhlar kirgan.

Trampga qarshi birga turamiz. Bu guruhni partiya anjumani o'tadigan Klivlend shahri atrofidagi fuqarolar tashkil etgan. Ular Trampning "qo'rquv, irqchilik, nafrat va ksenofobiyaga asoslangan siyosati"ga qarshi kurashmoqchi.

Pushtilar guruhi (Code Pink). Urushga qarshi feministlar tashkiloti nufuzli yig'in va anjumanlar ichiga kirib olib, ularni buzishga urinishi bilan taniqli. Guruh vakillari respublikachilar qurultoyida ham ko'rinish berishi kutilyapti.

"Qoralar ham odam" harakati. Politsiya zo'ravonligi va irqchilikka qarshi kurashuvchi guruhlarni o'z ichiga jamlagan bu harakat ham Klivlendda bir qator namoyishlar o'tkazishni rejalayapti.

Yangi Qora Panter partiyasi. Qora tanlilarning millatchi guruhi yetakchisi o'z a'zolariga dastlab yig'inga qurollangan holda borishni tavsiya qilgani xabar qilingan edi, ammo keyinroq bu qaror bekor qilingan. Partiya qoralar huquqlarini himoya qilib, agressiv g'oya va harakatlarga chaqirishi bilan tanilgan.

Mijente. Nomi ispan tilida "Mening xalqim" ma'nosini bildiruvchi bu guruh Trampning nafrat va ayirmachilikka asoslangan siyosatiga qarshi kurashmoqda. Ular ham partiya anjumanida ko'rinish berishi kutilyapti.

Trampni yoqlayotganlar

Tramp uchun fuqarolar hamda Amerika birinchi harakati Tramp tarafdori bo'lgan fuqarolar va guruhlarni yig'ib, respublikachilar partiyasi nomzodi himoyasi uchun namoyishlar o'tkazmoqchi. Ushbu namoyishlarda ko'plab taniqli jamoatchilik vakillari ham nutq so'zlashi kutilmoqda.

Va'dasining ustidan chiqadiganlar. Sobiq harbiylar va politsiyachilar tashkil etgan bu guruh yig'inga qurollangan holda kelishlarini aytgan. Ular "barcha mahalliy va xorijiy dushmanlarga qarshi Konstitutsiyani himoya qilishni" o'zlariga maqsad qilib olgan.

Oqlar ustunligi harakati. Oq tanli millatchilar Trampning ashaddiy tarafdorlari sanaladi. Ular ham Trampni qo'llash uchun qurultoyga kelishga va'da bergan.

Boshqa guruhlar

Anarxistlar va anti-fashist guruhlari ko'pincha oq millatchilar uyushtirgan yig'inlarga kelib, ular bilan to'qnashib turadi. O'tgan oy Sakramentoda kechgan namoyishda ham ular o'zaro mushtlashib ketgan edi. Ularning joriy qurultoyda bo'ladigan namoyishlarda ham ko'rinish berishi ehtimoli bor.

Vestboro baptist cherkovi gomoseksuallarga qarshi kichik diniy guruh bo'lib, katta siyosiy tadbirlarda, dafn marosimlarida uyushtirgan namoyishlari bilan taniqli. Ular ham Klivlenddagi anjumanda namoyish o'tkazishga ruxsat olgan.

Avtobusdagi rohibalar guruhi 20 ga yaqin katolik faollarini o'z ichiga oladi. Ular mamlakat bo'ylab amalga oshirayotgan sayohatlari doirasida Klivlendda ham to'xtab o'tishni rejalagan. Guruh barchani birdek qabul qiluvchi Amerikani bunyod etishga chaqiradi; boylikdagi notenglikka qarshi namoyishlar o'tkazadi. Klivlendda ular odamlarga lemonad ichimligi tarqatib, bu yilgi saylovda ko'tarilgan masalalar bo'yicha ularning fikrlarini o'rganmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG