Mayk Pens respublikachilardan vitse-prezidentlikka rasman nomzod bo'ldi


20-iyul kuni Indiana gubernatori Mayk Pens respublikachilar qurultoyida vitse-prezident nomzodligini rasman qabul qildi. Anjuman tashqarisida esa norozilik namoyishlari davom etdi.

Kecha Mayk Pens Respublikachilar milliy qurultoyida hammaning diqqat markazida bo’ldi.

“Men nasroniyman, so’ng konservativ va respublikachiman”, - dedi u.

An’anaviy konservativlardan sanaluvchi Pens prezidentlik poygasida Donald Trampga katta yordam bo’lishi kutilyapti.

“Jamoa tayyor, partiyamiz tayyor. Donald Trampni AQShning 45-prezidenti etib saylasak, Amerikani yana buyuk qilamiz”, - dedi u.

Ammo partiyadagi bo’nish qurultoyda ham ko’zga tashlandi. Ichki saylovlarda Trampga yutqazgan Ted Kruz yig’inda so’zga chiqdi, ammo Trampni ochiq qo’llab-quvvatlamadi. Bundan esa ko’pchilik norozi bo’ldi.

“Vijdoningiz uchun ovoz bering. Konstitutsiyaga sadoqatli, erkinligimizni himoya qiladigan, o’zingiz ishonadigan nomzodga ovoz bering”, - dedi Kruz.

Norozilik namoyishlari esa kuchayib bormoqda. Ayrimlar hatto politsiya tomonidan hibsga olindi.

Klivlendning Jamoatchilik maydoni mamlakatning turli burchaklaridan kelgan va har xil maqsadlardagi namoyishchilar bilan to’ldi.

Ayrimlar Trampning Meksika chegarasida devor qurish rejasiga qarshi bo’lsa, boshqa tomonda bir jinslilar huquqlarini himoya qilayotganlar va unga qarshilar bor.

“Xudo sizning axloqsizligingizdan g’azabda”, - deydi qarshilardan biri.

“Xohlaganini aytishsin. Men bu yerda turishdan qo’rqmayman”, - deydi bir jinslilar himoyachisi.

Ayrimlar vaziyatni kuzatish uchun kelgan. Masalan, Tramp tanqidchisi Marni Halasa.

“Hammasi yaxshi bo’ladiganga o’xshaydi. Kelishdan qo’rqqan edim. Hozir bu yerda ko’p odamlar bilan gaplashyapman. Hammasi joyida”, - deydi u.

Maydonda qurol tarfdorlari ham bor.

“Avvalo, odamlarni Trampga ovoz berishga undayman. Ikkinchidan, qurol olib yurish huquqimiz uchun kurashmoqchiman”, - deydi Gonzales ismli Tramp tarafdori.

Jon har ikki nomzodni ham yoqtirmaydi.

“Ikki katta partiya tanlagan nomzodlar – Hillari Klinton va Donald Trampni yoqtirmasligimni bildirmoqchiman. Biz uchun uyat bu”, - deydi u.

Mustaqil nomzod Vermin Suprim o’zini Trampning muqobili deb ko’rsatmoqda.

“Kim bo’lsa ham Tramp bo’lmasin, degan gaplarni eshityapman. Men o’sha odamman”, - deydi u.

Bugun, 21-iyul oqshomida Donald Tramp nomzodlikni rasman qabul qilib, qurultoyning eng muhim nutqini o’qiydi.

XS
SM
MD
LG