O'zbekiston Islomiy Harakati yangi liderini tanishtirib, "kofirlarga zarba berishda davom etamiz" demoqda


O'zbekiston Islomiy Harakati yangi liderini tanishtirib, "kofirlarga zarba berishda davom etamiz" demoqda

O'zbekiston Islomiy Harakati yangi liderini tanishtirib, "kofirlarga zarba berishda davom etamiz" demoqda

Terrorizmga qarshi kurashni sharhlab kelayotgan, radikal va ekstremist guruhlarni o’rgangan ekspertlar nazarida O’zbekiston Islomiy Harakati parchalangan, ammo yo’qolib ketgan emas.

O’tgan yillar ichida Islomiy Jihod Ittifoqi degan yangi tashkilot vujudga kelgani haqida ham xabar bergan edik.

O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari hamon Pokiston-Afg’oniston orasidagi tog’li hududlarda yashirinib yurgani, onda-sonda Amerika havo hujumlariga uchrab, nobud bo’layotgani, mintaqada hukmron pashtu qabilalari bilan chiqisha olmayotgani, Pokiston Tolibonining bir qismi ekani, o’zbek jangarilar “kallakesarlar” sifatida tanilgani haqida ma’lumotlar bor. Manbalar asosan Pokiston harbiy idoralari, matbuoti hamda Amerika razvedka agentliklari. Qolaversa, jangarilarning internetdagi ko’p-tillik sahifalari.

17 avgust kuni global tarmoqda “O’zbekiston Islomiy Harakatining Amiri Muhammad Tohir “Foruq” Shahodati munosabati bilan Islom Ummatiga Bayonot” degan sarlavhali material paydo bo'ldi. Bayonot oxirida rasmiy notiq Mujohid Abdul Fattoh Ahmadiy deb yozilgan.

Unda aytilishicha, harakat amiri Muhammad Tohir “Foruq”, ya’ni O’zbekistonda birinchi raqamli terrorist deya tilga olinuvchi Tohir Yo’ldosh o’tgan yilning 27 avgustida Amerika josus samolyoti hujumi natijasida halok bo’lgan.

Shu paytgacha harakat bu ma’lumotni rad etib, saytida Tohir Yo’ldoshning turli tasvirlarini ko’rsatib kelayotgan edi. AQSh va Pokiston rasmiylari o’zbek jangari yetakchisi o’ldi deya 2009 yil sentabridayoq e’lon qilgan.

Jeremi Binni, britaniyalik tahlilchi

Jeremi Binni, britaniyalik tahlilchi

Jeremi Binni (Jeremy Binnie), Londonda asoslangan Jane’s harbiy, siyosiy va razvedka tahliliy nashrining katta muharrirlaridan biri. Terrorizm va xavfsizlik masalalari, xususan, Markaziy Osiyodan chiqqan jangari kuchlar faoliyati yuzasidan uzoq yillardan beri izlanib keladi.

Odamlar terroristlarning rasm, audio va videolarga to’la saytlarini ko’rib, ular hali ham faol ekan, kuchi ko’p narsaga yetar ekan deb o’ylashi mumkin. Jangarilarning niyati ham shu. O’zini internetda yirik bir kuch sifatida ko’rsatish.

Vaholanki, deydi mutaxassis, hayotda bunday bo’lmasligi mumkin. O’zbekiston Islomiy Harakati azaldan tarqoq bir guruh bo’lgan. Markaziy Osiyodan siqib chiqarilgach, Afg’onistonda bir necha yil yurdi. U yerdan ham haydalgach, Pokistonda, xususan, janubiy Vaziristonda qo’nim topdi.

O’tgan yili Pokiston harbiylari olib borgan katta operatsiyalar va AQSh hujumlari ketidan, deydi Jeremi Binni, ular shimolga qochgani, Afg’onistonning Qunduz viloyati tomon yo’l olganini isbotlovchi dalillar mavjud. 1990-yillar oxirida harakat a’zolari uchun bu yer markaz hisoblangan. Jangarilar soni aniq emas.

Harakat parchalanib, mayda guruhlar vujudga kelgani ma’lum. Yana shunisi aniqki, ular o’zini hamisha al-Qoidaning bir qismi deb biladi.

Lekin al-Qoida rahbarlari va o’zbek jangarilari orasidagi yaqinlikni ko’rsatuvchi ma’lumotlar deyarli yo’q, deydi Jeremi Binni.

O’zbekiston Islomiy Harakati, internetdagi saytida o’zini islomiy inqilobga hissa qo’shib kelayotgan kuch deb tanishtiradi.Qo’mondoni Juma Namangoniy va boshqa yuzlab fidoiy a’zolaridan ayrilganini aytiladi. Xalqaro hamjamiyatga tanilgan, Checheniston, Iroq, Afg’oniston va Pokistonda o’ldirilgan yetakchilarni tilga olinadi. Tohir Yo’ldosh ular singari shahid deb atalib, yangi yetakchi tanishtiriladi.

Ahmad Rashid, pokistonlik tahlilchi

Ahmad Rashid, pokistonlik tahlilchi

Muhammad Tohir “Foruq” vasiyatiga ko’ra, harakat hozir uning sodiq safdoshi, hamfikr do’stlaridan biri Usmon Odilga ergashmoqda, deyiladi jangari vebsaytidagi bayonotda. Unga ko’ra, O’zbekiston Islomiy Harakati siyosiy va harbiy jihatdan also zaiflashgan emas; Afg’oniston va Pokistonda kofirlarga qarshi zarbalar berishda davom etmoqda. Ekspertlar Usmon Odilning tarjimai holi haqida ko’p narsa bilmaydi.

Jeremi Binni singari tahlilchilar fikricha, yangi rahbar haqida oradan bir yil o’tib e’lon qilingani jangarilar baquvvat va ahil emasligidan dalolat.

Markaziy Osiyodan chiqqan va keyinchalik Afg’oniston va Pokistonda jang qilgan to’dalar haqida kitoblar yozgan olim Ahmad Rashid ularni hamon kuchli tahdid deb tasvirlaydi.

O’zbek jangarilari va ularga ergashgan qo’shni xalqlar vakillari, uning tahlilicha, Markaziy Osiyo Tolibonidir. Gap ularning soni yoki qanday kun kechirayotganida emas, deydi u, bu guruh hozir ham terror xurujlarini amalga oshirishi mumkinligi, mintaqa bilan hanuz aloqada ekanida.

Internetdami, hayotdami, ularning borligi, olim fikricha, terrorga qarshi kurash samara bermaganini anglatadi. Jangarilarning nimaga qodir ekanini bilish uchun xurujlarni kutib o’tirish kerakmi? - deya so’raydi Ahmad Rashid.

Yo’q, aksincha, deya javob beradi uning o’zi, bu guruhlar kuchga to’lmasligi uchun harakat qilish kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG