Breaking News

Pompeo: Bosh inspektorni ishdan haydashni so’radim


Davlat departamenti inspektori nega ishdan olindi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

AQShda ko’pgina federal va mahalliy agentliklar qoshida bosh inspektor faoliyat yuritadi. Uning vazifasi shu idorada har qanday firibgarlik, isrofgarchilik, huquqbuzarlik hollarini aniqlash va tekshirishdir. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo prezidentdan o’z departamentidagi bosh inspektorni ishdan olishni so’raganini tan oldi. Amerika Diplomatiya akademiyasi Tramp ma’muriyati davrida nazorat va tekshiruv mexanizmlari yemirilayotganidan tashvishda.

Mayk Pompeo u boshqaradigan vazirlikdagi bosh inspektor Stiv Linikning ishdan olinishi yuzasidan jurnalistlar savollariga javob berdi.

“Uni ishdan haydashni prezidentdan shaxsan o’zim so’radim. Ochig’i, bu ishni ancha oldin qilishim kerak edi”, - deydi u.

Xabarlarga qaraganda, bosh inspektor Pompeoni o’zining va rafiqasining shaxsiy ishlarini bajarishda soqchilaridan foydalangani uchun tekshirayotgan bo’lgan. Masalan, itini sayr qildirish, restorandan ovqat olib kelish va hokazo.

Vazirga ko’ra, bu xabarlar asossiz. Qonunchilar undan inspektorning ishdan olinishiga doir barcha hujjatlarni Kongressga taqdim etishni so’ramoqda.

“Bosh inspektor idorasi meni tekshirayotgani uchun qasos olganim haqida da’volar yangrayapti. Bu gaplar mutlaqo yolg’on”, - deydi Mayk Pompeo.

Biroq u asl sabab nima ekanini aytishdan bosh tortdi.

Demokrat qonunchilarning aytishicha, Davlat departamenti bosh inspektori, shuningdek, Saudiya Arabistoniga Kongress maslahatisiz bir necha milliard dollarlik qurol sotish qarorini tekshirayotgan bo’lgan.

“Saudiya Arabistoniga qurol-yarog’ sotish to’g’risida qonun bor. Biroq Davlat departamenti soxta ravishda favqulodda holat e’lon qilib, savdoni amalga oshirgan. Bu esa tekshiruvga sabab bo’lgan bo’lishi mumkin”, - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Uning aytishicha, Prezident Tramp hozirgacha to’rt vazirlikda bosh inspektorlarni ishdan olgani demokratiyaga putur yetkazadi. Ushbu lavozim korrupsiya, firibgarlik va huquqbuzarlik hollarini aniqlash uchun 1970-yillarda ta’sis etilgan.

Amerika Diplomatiya akademiyasi rahbari yuqoridagi fikrga qo’shiladi.

“To’rt inspektor lavozimidan chetlatilgani shuni ko’rsatadiki, hozirgi hukumat konstitutsiyada belgilangan kuchlar muvozanatini buzayapti, Kongressning o’z vazifasini bajarishiga to’sqinlik qilyapti. Kongress istasa, muvozanatni qayta tiklashga qodir”, - deydi Ronald Nyuman.

Mayk Pompeo Saudiya Arabistoniga qurol sotish to’g’risidagi savollarga javob bermay matbuot anjumanini tark etdi. Tekshiruvlar davom etmoqda. Vazir Kongressga chaqirtirilishi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG