Breaking News

Davlat kotibi lavozimiga nomzod Jon Kerri Kongress savollariga javob berdi


AQSh senatori Jon Kerri Davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vaziri lavozimiga ko’rsatilgan. Nomzod Kongress tasdig’idan o’tishi kerak. Bugun u qonunchilar davrasida, o’zi bilan o’nlab yil mobaynida ishlagan safdoshlari tomonidan savolga tutildi.

Jon Kerri AQSh tashqi ishlar vaziri etib tayinlanmoqda/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:39 0:00
Yuklab oling

Davlat kotibasi Xillari Klinton to’rt yillik xizmatdan so’ng iste’foga chiqar ekan, xonim Jon Kerrini o’z o’rniga munosib arbob deb biladi.

“AQSh tashqi siyosati Jon Kerriga topshirilayotgani juda to’g’ri qaror. Uni bu lavozimga tezda tasdiqlashni so’rayman. Uning mamlakat oldidagi xizmatlari beqiyos”, - deydi Klinton.

Senatga 1985-yildan beri a’zo Jon Kerri Tashqi aloqalar qo’mitasiga to’rt yildan beri raislik qilib keladi. 2004-yilda prezidentlikka ham harakat qilib, boy bergan. Uning aytishicha, AQSh tashqi siyosatini faqat harbiy yurishlar-u terrorga qarshi kurash belgilamaydi.

“Oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, gumanitar yordam, kasalliklarga qarshi kurash va taraqqiyot ham uning negizida yotadi”, - deydi senator.

Qo’shma Shtatlar global yetakchilikni saqlab qolmoqchi bo’lsa, deydi Kerri, avvalo o’zining byudjet muammolarini hal qilishi va qarz botqog’idan chiqib olishi kerak.

“Tashqi siyosat hozirgi kunda iqtisod bilan chambarchas bog’liq. Tabiiy resurslar va global bozor uchun raqobat avjida. O’z moliyasini tartibga sola olmagan jamiyat zaiflashib boradi. O’zi qiyin ahvolda ekan, Amerika boshqalarga ham yo’l ko’rsata olmaydi”.

Kongressda o’tgan tinglovda Jon Kerri Eronning yadro dasturiga ham to’xtaldi. Diplomatiya samara berishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidladi.

“Ammo AQSh qat’iy chora ko’rishga ojiz degan xayolga bormang. Eron yadro qurolini qo’lga kiritmasligi uchun barcha vositalarni ishga solishga tayyormiz”, - deydi Kerri.

Tehron yadro dasturining harbiy sohaga aloqasi yo’qligini bot-bot bayon qilgan. Jon Kerrining aytishicha, buni tekshirish oson – xalqaro inspektorlarga o’z ishini bajarishga ruxsat berilsa bo’lgani.

Vyetnam urushi qahramoni, senator Jon Kerri davlat kotibi lavozimiga tayinlanishiga shubha yo’q. Kongressda ham demokratlar, ham respublikachilar unga hurmat bilan qaraydi.

Bo’lajak vazir Obama ma’muriyati Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasida tinchlik muzokaralarini qo’llab-quvvatlayotganini ham eslatib o’tdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG