Tolibon Qunduz shahrida ayollar radiosi va telekanalini vayron qilgan

  • Amerika Ovozi

Hukumat kuchlari Qunduz shahrini Tolibondan qaytarib olish uchun harbiy amaliyotni davom ettirmoqda.

Hukumat kuchlari Qunduz shahrini Tolibondan qaytarib olish uchun harbiy amaliyotni davom ettirmoqda.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Tolibonning Qunduz shahridagi ayollar teleradiokanaliga o't qo'yganini qoralamoqda.

Fransiyada joylashgan tashkilot bayonotiga ko'ra, Tolibon kuchlari shaharni egallab olgandan so'ng mahalliy Ro'shani radiosi va telekanali binosiga o't qo'ygan va ko'plab jihozlarini vayron qilgan.

Tolibon so'zlovchisi Zabihulloh Mujohid guruhning bank va do'konlarni o'marayotgani hamda hukumat binolarini vayron qilayotgani haqidagi gaplarni hukumat bo'htoni deya rad qildi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, bir millionlik aholiga ega Qunduzda kamida beshta radio, uch telekanal va besh gazeta bor. Tolibon shaharni egallab olgandan beri ko'plab jurnalistlar Qunduzni tark etgan; radio va telekanallar faoliyatini to'xtatgan.

Ayni paytda hukumat kuchlari Qunduz shahrini Tolibondan qaytarib olish uchun harbiy amaliyotni davom ettirmoqda. Isyonchi guruh shu hafta boshida, kutilmaganda, shaharga hujum qilib, uni egallab olgan edi.

BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasiga ko'ra, Qunduzdagi to'qnashuvlarda 100 dan ziyod tinch aholi vakili o'lgan yoki yaralangan. 6000 kishi shaharni tashlab qochgan.

Hukumat Qunduzga ko'proq harbiy yordam jo'natishga urinmoqda. Ammo Tolibon yo'llarga o'rnatgan minalar tufayli hukumat kuchlari Bag'lon viloyatidan nariga o'ta olmayapti.

AQSh harbiy samolyotlari kecha havodan Qunduz shahriga zarbalar bergan. Ulardan biri Qunduz shahar aeroporti yaqinida ro'y bergan. Tolibon aeroportni egallashga ham uringan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG