Shimoliy Afrikadagi jarayonlar - o'rta sinf kuchayishi mahsuli

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Afrikadagi jarayonlar - o'rta sinf kuchayishi mahsuli

Shimoliy Afrikadagi jarayonlar - o'rta sinf kuchayishi mahsuli

Mutaxassislar nazarida bu tabaqa vakillari siyosatda faol rol o'ynashga harakat qiladi.

Tunis va Misrdagi namoyishlarda o'rta sinf vakillari ham boshqalar qatorida siyosiy islohotlarni talab qilgan. O'rta sinfning siyosatga ta'siri doim katta bo'lgan. Shimoliy Afrika bundan istisno emas.

O'rta sinf safi kengayar va bu tabaqa kuchayar ekan, ular, masalan, Shimoliy Afrikada, siyosatga o'z so'zini o'tkazishga, mintaqadagi davlatlar esa voqelikni inobatga olishga harakat qilmoqda.

Nigeriyada korrupsiyaga qarshi kurash idorasi sobiq rahbari Nuxu Ribadu o'z nomzodini prezidentlikka qo'ygan. Uning aytishicha, Misr, Tunis va Jazoirdagi g'alayonlar shundan dalolatki, yosh avlod tub o'zgarishlarni istaydi.

"O'nlab yillar davomidagi repressiya, xato tuzum, xato siyosat, xato g'oyalarni ular bir kunda chipakka chiqardi. Xalq kuch va irodasini namoyish etib, demokratiya talab qilmoqda", - deydi Ribadu.

O'rta sinf yoki uni boshqacha qilib aytganda "xaridor sinf" kuniga kishi boshiga o'rtacha 10 dollardan 100 dollargacha pul sarflaydi. Ular iqtisodiyotni ham, tinchlikni ham tebratib turuvchi kuch hisoblanadi. Biroq barqarorlik iqtisodiy erkinliklarga ham bog'liq.

AQSh Tinchlik institutida innovatsiya markazi rahbari Reymond Gilpinning aytishicha, Misrda o'rta sinf siyosiy, harbiy va iqtisodiy hokimiyat ozchilik qo'lida bo'lgan bir sharoitda rivojlangan.

"Natijada bu qatlam o'zini mamlakat erishayotgan muvaffaqiyatlarga daxldor deb bilmaydi", - deydi Gilpin.

Shu bilan birga, deydi mutaxassis, Ganada o'rta sinf ancha kuchga to'lgan bo'lib, neftdan tushgan daromadni infratuzilmani yaxshilashga sarflashni talab qilyapti.

"O'rta sinf siyosatda juda aktiv. Mehnat bozorida band, moliyaviy ahvoli yaxshi. Bu esa o'z navbatida barqarorlikka hissa qo'shadi", - deydi Gilpin.

Marokashda barqaror iqtisodiy o'sish so'nggi 10 yilda kishi boshiga daromadni 40 dan 50 foizgacha oshirdi, o'rta sinfni yanada kuchaytirdi.

Iqtisodiyot vaziri Nizar Barakaning aytishicha, bu tabaqa iqtisodiy imkoniyatlar va farovonlik garovidir.

Jahon banki hisobiga ko'ra, kelasi 20 yilda Afrikaning Quyi-Saxara mintaqasida o'rta sinf 43 million kishini tashkil qiladi. Aksariyati iqtisodiyoti rivojlanayotgan Janubiy Afrika, Zambiya, Nigeriya, Keniya va Ganada.

Gilpin deydiki, agar saylovchi o'qimishli va o'ziga to'q bo'lsa, siyosiy o'yinlarga kamroq berilib, davlat sarfiyatlariga kattaroq e'tibor qaratadi.

"O'rta sinf vakillarining siyosiy ta'siri va iqtisodiy ahvoli kuchaygan sari ular soliqdan tushgan pulning qanday sarflanishini va taraqqiyot yo'nalishini belgilagisi keladi", - deydi Gilpin.

Bu esa, deydi mutaxassis, siyosatchilardan omma ehtiyojlariga diqqatliroq bo'lishni talab qiladi.

"Shundagina, xalq hukumat uchun emas, hukumat xalq uchun xizmat qilishi kerakligini anglab yetishadi", - deydi Galpin.

Faol Tavofiq Bin Abdullaning aytishicha, Afrikada o'rta hol fuqarolarning siyosiy o'zgarishlarni amalga oshiruvchi kuch sifatida tanilishi barcha repressiv rahbarlar uchun ogohlantirish bo'lib xizmat qiladi.

"Xalqaro hamjamiyat yillar davomida diktatorlarni qo'llab-quvvatlab nimaga erishdi? Arab dunyosidagi jarayonlar, xavfsizlikni demokratiyadan ustun qo'yish xato siyosat ekanini namoyish etdi", deydi Abdulla.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG