Breaking News

Modi: Terrorga qarshi kurashda yangi usullarni qo'llash kerak


Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi AQSh Kongressida, 8-iyun, 2016-yil.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi AQSh Kongressida, 8-iyun, 2016-yil.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi AQSh Kongressi qo'shma uchrashuvida so'zlab, AQSh va Hindiston aloqalarini yanada yaxshilashga chaqirdi. Ayniqsa, terrorizmga qarshi kurashda.

"Terrorizmga qarshi kurash bir necha darajada amalga oshirilishi kerak. Armiya, razvedka yoki diplomatiya kabi an'anaviy qurollarning o'zi kifoya emas. Kurashga fuqarolar ham, harbiylar ham jalb etilishi kerak", - dedi u.

Kongressmenlar ayni paytda yadro quroli, dengiz xavfsizligi hamda Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron solayotgan tahdidlarga nisbatan Hindistonning munosabatiga qiziqdi.

Modi AQShga safari davomida kecha AQSh rahbari Barak Obama bilan uchrashdi. Uchrashuv ortidan Obama Hindistonda oltita yadro reaktori qurilishi boshlanishini ma'lum qildi. Bu haqda ikki davlat 2008-yilda kelishib olgan edi. Ayni paytda Hindiston Parijda erishilgan iqlim o'zgarishiga oid kelishuvni ma'qullashga so'z bergan.

Modi Vakillar palatasi spikeri Pol Rayn taklifi bilan Kongressga kelgan. Bungacha Hindistonning yana 4 bosh vaziri Kongressda nutq so'zlagan. So'nggi marta Manmohan Singh 2005-yilda bu yerga kelgan edi.

Hindistonda 14 yil muqaddam ro'y bergan diniy zo'ravonlik yuzasidan uzoq yillar AQSh qonunchilari Modining tashrifini xush ko'rmay kelayotgan edi. 2005-yil hatto unga AQSh vizasi berilmagan. 2002-yil Gujarotda yuz bergan diniy to'qnashuvda 1000 dan ortiq musulmon hindular qo'lida halok bo'lgan. O'shanda Gujarotga Modi rahbarlik qilgan.

Narendra Modi 2014-yil bosh vazir bo'lgandan keyin, unga qo'yilgan taqiq ko'tarilib, AQShga to'rt marta keldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG