Musulmon kinoijodkorlar Nyu-York transport ma'muriyatini sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Ikki musulmon qiziqchi Nyu-York transport tizimini sudga berdi. Ularning aytishicha, musulmonlarga oid filmni metrolarda reklama qilishga ruxsat berilmagani natijasida ularning so’z erkinligi toptalgan. Metropoliten tranzit idorasi yaqingacha musulmonlarga qarshi kayfiyatdagi reklamalarga joy berib kelgan edi. Endi esa musulmonlar yaratgan filmning reklama qilinishiga izn bermayapti. Da’vogarlarga ko’ra, bu Konstitutsiyadagi Birinchi tuzatish kafolatlagan huquqlarni buzmoqda.

“Ogoh bo’l: Musulmonlar kelyapti”. Bu metroda reklama qilinishi kutilgan filmning nomi.​

Muammo shundaki, metro agentligi bu filmni reklama qilishni istamadi. Film ijodkorlari Negin Farsad va Din Ubaydullo o’rtada tuzilgan shartnomani buzgani uchun Tranzit idorasini sudga berdi. Da’vogarlarga ko’ra, ular reklama uchun 20 ming dollar sarflagan.

Avvaliga film reklamasini joylashtirishga rozi bo’lgan metro ma’muriyati endi film bahsli siyosiy mazmunga ega deb kelishuvni bekor qilmoqchi, deydi “Musulmon advokatlar” uyushmasi huquqshunosi Glen Keyton.​

“Komediya bahsli bo’lishi mumkin emas. Undagi asosiy ma’no – musulmonlar ham odam, ular ham hazilni tushunadi. Bu kabi narsalarni hech kim inkor eta olmaydi. Shuning uchun biz metro idorasi qarorini noto’g’ri deb hisoblaymiz”, - deydi u.​

Metro ma’muriyati yaqinda musulmonlarga qarshi kayfiyatdagi reklamalar uchun ham sudga tortilgan edi. Tahlilchi Jin Rashinov reklamaga joy berilmasligi haqidagi qarorni “ahmoqona” deb ataydi.​

“Nyu-York metrosida so’z erkinligiga ega bo’lish juda muhim. Metro platformalarida ko’cha musiqachilarining ijodi bilan tanishsa bo’ladi”, - deydi u.​

“Ogoh bo’l: Musulmonlar kelyapti” filmi hozir ko’plab kanallarda namoyish etilmoqda. Metrolardagi reklama kino muvaffaqiyati uchun muhim edi. Shartnomaning transport ma’muriyati tomonidan bekor qilinganini film ijodkorlari xiyonat sifatida qabul qildi.​

“Musulmonlar italyan taomini yaxshi ko’radi” deyishning nimasi siyosiy? Yoki “musulmonlar yozda qishki shlyapada yuradigan xipsterlarni yomon ko’radi” deyishningchi? Kimligimizni va o’z hikoyamizni aytishimizning hech qanaqa siyosiy jihati yo’q. Asosiy masala shunda”, - deydi Ubaydullo.​

“Konstitutsion huquq – oliy ne’mat. U bizga so’z erkinligini, har qanday so’zni, hatto biz yomon ko’radigan so’zlarni ham erkin ayta olish huquqini beradi. Uning buyukligi shunda”, - deydi Negin Farsad.​

Ushbu loyiha natijasida nafaqat bu qiziqchilar uchun hajv orqali o’z fikrini bildirishga yo’l ochiladi, balki boshqacha fikrlaydiganlar uchun ham bunga imkoniyat tug’iladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG