Yetakchi qonunchilar Suriya masalasida Obama tomonida

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama har ikki yirik partiyaning Kongressdagi yetakchi qonunchilari bilan Suriyani nishonga olish masalasi xususida gaplashmoqda, Oq uy, Vashington, 3-sentabr, 2013-yil

Prezident Barak Obama har ikki yirik partiyaning Kongressdagi yetakchi qonunchilari bilan Suriyani nishonga olish masalasi xususida gaplashmoqda, Oq uy, Vashington, 3-sentabr, 2013-yil

Prezident Barak Obama kecha Kongressning yetakchi vakillari bilan uchrashib, ularning Suriyaga qarshi harbiy zarba berishga roziligini oldi. Uchrashuv Oq uyda bo’lib o’tdi. Prezident qonunchilardan kelasi hafta boshida uning taklifini ovozga qo’yishni so’radi.

Barak Obama Oq uyga 16 qonunchini taklif qilib, Suriyaga qarshi cheklangan zarba berish rejasi bilan tanishtirdi. Qo’shma Shtatlar Bashar Assad hukumatini aholiga qarshi zaharli zarin gazini qo’llaganlikda ayblar ekan, Damashqni jazolamoqchi. Hujum havodan amalga oshiriladi, Suriyaga qo’shinlar kiritilmaydi.

"Bu Iroq yoki Afg’oniston emas. Bu cheklangan operatsiya bo’lib, nafaqat Assad rejimi, balki xalqaro qonun-qoidalarni buzmoqchi bo’layotgan boshqalar ham bu kabi harakatlarning oqibati qanday bo’lishini ko’rib qo’yishi kerak", - dedi Obama.

Prezident Kongress uning rejasini yoqlashiga ishonadi, ammo qonunchilar shuni talab qilsa, taklifga o’zgartirishlar kiritishga tayyor.

"Agar Kongress maslahatini olishni istamaganimda, uning oldidan o’tmagan bo’lardim", - dedi u.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner Obama rejasiga ovoz berishini bildirdi.

"Amerika bu ishni bajarishi kerak. Prezidentni bu masalada qo’llab-quvvatlayman va umid qilamanki, hamkasblarim ham menga qo’shiladi", - dedi spiker.

Beyner Suriyada kimyoviy qurol ishga solinganini qoralab, Qo’shma Shtatlar bu holning kelajakda ortiq takrorlanmasligini kafolatlovchi yagona mamlakat, dedi.

Demokratlarning quyi palatadagi sardori Nensi Pelosi ham prezident bilan hamfikr ekanini aytib, jamoatchilikni Damashq yaqinidagi fojiaga doir qo’shimcha razvedka ma’lumotlari bilan tanishtirishni so’radi.

"Odamlar harbiy amaliyotga ehtiyoj yo’q, deb hisoblaydi. Ularni ishontirish kerak. Ommaviy qirg’in qurollari qo’llanganini bilishlari zarur", - dedi Pelosi.

Bugun Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida masala ovozga qo’yiladi. Ijobiy hal bo’lsa, kelasi hafta har ikki palataning qo’shma majlisida hujjatga umumiy ravishda ovoz beriladi.

Kecha qo’mitada davlat kotibi Jon Kerri, mudofaa vaziri Chak Xeygl va qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari, general Martin Dempsi Oq uy rejasi bo’yicha savolga tutildi.

Kerrining aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar hozir jim tursa, urush ko’lami kengayib, kimyoviy qurol yana ishga solinishi mumkin.

Obama ertaga Sankt-Peterburgda bo’ladigan Katta Yigirmalik sammiti doirasida ham a’zo davlatlarni rejasini qo’llab-quvvatlashga da’vat qilib ko’radi.

Ma’lumki, Rossiya Suriyaga zarba berish rejasini tanqid qilgan. Bugun prezident Vladimir Putin Jon Kerrining qo’mitadagi tinglov paytida aytgan ba’zi so’zlarini yolg’on deb atadi.

Xususan, deydi Putin, Kerri senatorlarning “Suriyada Al-Qoida harakat qilmoqdami” degan savoliga, yo’q deb javob berdi. Putinning aytishicha, Al-Nusra fronti Al-Qoidaning Suriyadagi qanoti bo’lib, Qo’shma Shtatlar bundan xabardor. Kerridan esa aslida “Suriya muxolifati tarkibida Al-Qoida bormi” deya so’ralgan.

Putinga ko’ra, AQSh Kongressida boshqa davlatga urush ochishga ruxsat berish uchun vakolat yo’q. Buni yolg’iz BMT Xavfsizlik Kengashi hal qiladi va uning ruxsatisiz amalga oshirilgan har qanday hujum noqonuniy bo’ladi va bosqinchilik deya ta’riflanadi, dedi Putin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG