Obama bugun xalqqa hisobot berdi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti har yili Kongress huzuriga borib, ularga va xalqqa murojaat qiladi

AQSh prezidenti har yili Kongress huzuriga borib, ularga va xalqqa murojaat qiladi

AQSh prezidenti har yili Kongress huzuriga borib, mamlakatda joriy ahvol haqida so’zlaydi.

Yangi Kongressda Respublikachilar partiyasi salmoqli kuchga ega ekan, Barak Obamaning ishi yanada qiyinlashgan.

Demokrat rahbarning o’tgan ikki yildagi qarorlari, u olg’a surgan islohot dasturlarni respublikachilar yaqin oylarda bekor qilishga bel bog’lagan.

Xususan AQShda sog’liqni saqlash tizimini qanday qilib yangilash yuzasidan ikki partiya pozitsiyasi tubdan farq qiladi. Respublikachilar avvalo prezidentning bu boradagi siyosatini chippakka chiqarishni maqsad qilgan.

Obama bugun xalqqa hisobot berdi

Obama bugun xalqqa hisobot berdi

Muxolifat bunga erisha olsa, Barak Obama uchun 2012 yilda prezidentlikka qayta saylanish juda mushkul. Shunday ekan, Oq uy respublikachilar bilan til topishishga, murosa qilishga tayyor.

Bugungi hisobotida u o’tgan ikki yilda erishilgan iqtisodiy yutuqlar va siyosiy birdamlikka urg’u berdi.

“Amerikada ish o’rinlarini ko’paytirish, xususiy sektorni kengaytirish uchun nima qilmoq zarur? Butun diqqatim hozir shu masalada’,- deydi Barak Obama.

Prezident fikricha, ta’lim, ilm-fan va texnologiya sohalari uchun ko’proq mablag’ ajratish hamda infratuzilmalarni yangilash uchun sarmoya zarur.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, prezidentning respublikachilar bilan gap olishishga vaqti ham, istagi ham yo’q.

“Iqtisodni ko’tarish uchun nima qilish kerak? Sarf-xarajatni cheklash, pulni ayab ishlatish borasida yaxshi taklif-g’oyalar bo’lsa, marhamat, prezident siz bilan ishlashga hozir”,- deydi u, muxolifatga qarab.

Respublikachi kongressmen Erik Kentor xususiy sektor ustidan nazoratni oshirmaslik kerak deydi. Tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, bizneslarga ko’proq imkoniyat-imtiyozlar berish kerak, deydi u.

Senator Charlz Shumer singari demokratlar xususiy sektorni hech kim bo’g’ayotgani yo’q deydi.

"Iqtisodiy inqirozga yetaklagan sabablarni bilamiz va muammolarni hozir hal etmasak, ertaga yana bir krizis bilan yuzlashishimiz mumkin”,- deydi u.

Respublikachilar Amerikada azaldan bizneslarning yonini olib kelgan. Demokratlar esa ularni ko’proq nazorat qilish kerak deb bong uradi.

Hozirda Barak Obamaning prezidentlik reytingi 50 foiz atrofida. O’tgan oylarga qaraganda biroz yuqori.

Bugun Obama Afg’onistondagi urush qanday ketayotgani va bu yilgi rejalar haqida ham gapirdi. Maqsad 2014 yilga borib, bu davlatda xavfsizlikni ta’minlash vazifasini butunlay mahalliy kuchlarga topshirish.

AQSh al-Qoida va u bilan aloqador terrorchi guruhlarni yo’q qilish ahdida qat’iy, deydi Obama.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG