Pokiston kim bilan yadroviy hamkorlik qiladi - AQSh yoki Xitoy?

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan yadroviy xavfsizlikka bag'ishlangan xalqaro anjumanda. Gaaga. 24-mart, 2014

AQSh prezidenti Barak Obama Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan yadroviy xavfsizlikka bag'ishlangan xalqaro anjumanda. Gaaga. 24-mart, 2014

Xalqaro hamjamiyat xavotirlariga qaramay, Pokiston yadroviy dasturini kengaytirish payida. Ayrimlar fikricha Vashington Islomobod bilan bu borada hamkorlik qilishi kerak. Ammo Pokistonning ba’zi rasmiylari AQSh emas, Xitoy bilan hamkorlik tarafdori ko’rinadi.
Pokiston yadroviy qurollari xususida xavotir kuchli.

Piter Lavoy yaqingacha AQSh Mudofaa vazirining Osyo va Tinch okeani bo’yicha muovinlaridan biri edi. Yaqinda Islomobodda o’tgan konferensiyada o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi.

“Pokiston qurol bo’yicha siyosatini jadallashtirgani Vashington va boshqa poytaxtlarda rasmiylarni jiddiy xavotirlantirayotgan masala. Men, xususan, Pokistonning yadroviy dasturini nazarda tutyapman. Uning doirasida maydalanadigan metariallarni ishlab chiqarish hajmini oshirish, so’ngra turli hajmdagi va turli masofaga yeta oladigan yadro qalpoqchalarni tayyorlash ko’zda tutilgan. Bu qalpoqchalar ballistik raketalarda ishlatiladi,” - deydi u.

Ko’plar uchun qurol yaratishdan ham jiddiyroq muammo – uni nazorat qilish. 1980-90 yillarda Pokiston yadroviy dasturiga asos solgan olim Abdul Qodir Xon maxfiy tarmoq yaratib, u orqali Eron, Liviya va Shimoliy Koreyaga yadroviy dastur boshlashda yordamlashgan. Pokiston Hindiston va Afg’oniston hukumatlariga qarshi kurashayotgan jangari guruhlarni zimdan quvvatlab keladi degan xavotir ham kuchli.

Ammo Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Mark Fitspatrik deydiki, undan beri Islomobod yadro zaxiralarini asrab-avaylashda jiddiy choralar ko’rdi va shu bois tinch maqsadlarda yadroviy texnologiyalarni rivojlantirish huquqiga ega bo’lishi kerak.

“Pokistonga, Hindiston kabi, yadroviy hamkorlik taklif qilish vaqti keldi. Yadroviy sohani barqarorlashtirishda G’arb Pokistonga ko’maklashishi lozim. AQSh va uning hamkorlari Islomobodni majburan qurolsizlantirmoqchi emasligini namoyish qilish uchun Pokistonga yadroviy qurolni qonuniylashtirish imkonini berish kerak,” - deydi tahlilchi.

Pokiston Hindistonga o’xshab qo’yilgan talablarning aksariyatiga javob beradi, xususan harbiy va tinch maqsadlarni ko’zlaydigan yadroviy zavodlar bir-biridan ajratilgan, atom bombasini sinashga moratoriy joriy etilgan, eksport qattiq nazoratga olingan, deydi mutaxassis.

Pokiston rasmiylarining aytishicha, energetika sohasidagi inqirozdan chiqish ular oldida turgan muhim vazifa. Mana shunday tinch maqsadlarni ko’zlaydigan yadroviy dastur yuzasidan bu davlat Amerika bilan kelishuvga erishmoqchi.

Ammo anjumanda so’zga chiqqan Pokiston atom energiyasi komissiyasi raisi Ansar Parvez AQSh emas, Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishga chaqirdi.

“Boshqa mamlakatdan atom zavodini sotib olmoqchi bo’lsangiz, u mamlakat bilan yaxshi munosabatlarga ega bo’lishingiz lozim. Birozdan keyin u sizdan yuz o’girmasligiga ishonishingiz kerak,” - dedi Islomobod rasmiysi.

Sutda qo’li kuygan suvga puflaydi, deganlaridek, AQSh bilan hamkorlikdan foyda yo’q, deydi rasmiy.

Chorak asr oldin Sovet Ittifoqi Afg’onistonni tark etganidan so’ng Islomobod va Vashington aloqalari ancha yomonlashgan. Bunga Pokistonning yadroviy dasturi hamda Tolibonni qo’llab-quvvatlashi sabab bo’lgan. O’sha ziddiyatlar hamon mavjud.

Pokiston rasmiylari yadroviy dastur mamlakatning energetika sohasidagi surunkali inqiroziga chek qo’yadi, degan umidda. Aynan shu maqsadda Karachida Xitoy bilan hamkorlikda quvvati 2200 megavattga teng zavod qurilmoqda. 10 milliard dollarlik loyiha besh yilda bitkaziladi.

Pokiston atom qurollari dasturi maxfiy bo’lsa-da, ko’pgina xorijiy tahlilchilar yadroviy qurollar arsenali katta sur’atlar bilan o’sayotganini taxmin qiladi. 2020-yilga borib dunyoning to’rtinchi yoki beshinchi eng yirik arsenaliga aynalishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG