Breaking News

O'zbekiston hukumati va matbuoti Stokgolmdagi hujumchi haqida sukutda


Stokgolmdagi hujum ketidan motam
Stokgolmdagi hujum ketidan motam

O'zbekistonda faqat sanoqli nashrlar Shvetsiya poytaxti Stokgolmdagi terror hujumida o'zbekistonlik gumon qilinayotgani haqida xabar berishgan. Lekin rasmiylar ham, markaziy nashrlar ham hodisa yuzasidan sukut saqlashmoqda. Faollar esa so'nggi xurujlardan jiddiy xavotirga tushgan.

Prezident yaqinda e'lon qilgan militsiya faoliyatini tubdan isloh qilish haqidagi farmoni jamoat xavfsizligi, aholi bilan ishlash masalasida o'zgarishlar qilishni maqsad qiladi. Farmonga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi faoliyati yanada kengayishi mumkin.

Mamlakatdagi sanoqli internet saytlari bu, shuningdek Sankt-Peterburgdagi xuruj ijrochisi o'zbek ekaniga diqqat qaratgan. Hujumlar ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy munozaraga aylangan.

Stoklgolmda xurujda ayblanayotgan Rahmat Oqilov O'zbekistondan qachon chiqib ketgani, qidiruvda bo'lgan yoki bo'lmagani noma'lum. So'nggi xabarlarda Oqilov bilan birga yana uch o'zbekistonlik xurujlarga aloqadorlik aybi bilan hibs qilingani aytilmoqda.

Rahmat Oqilov, shuningdek o'zbekistonliklardan iborat bir necha gumondorlar ushlangani bo'yicha hozirga qadar rasmiy Toshkent biror munosabat bildrilmagan. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Shvetsiya qiroliga hamdardlik bildirgan edi.

10-aprel kuni matbuotda O'zbekiston prezidentining Ichki ishlar vazirligi tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan farmoni e'lon qilingan.

Farmonning ayni kunlarda e'lon qilinayotgani o'zbekistonliklarning chetda teraktlardagi ishtiroki kuchayishiga bog'liq deyish qiyin. Ammo xurujlar ortidan dunyo matbuoti O'zbekistondagi dindorlarga nisbatan qiynoqlarga, inson huquqlari jiddiy toptalayotganiga diqqat qaratgani kuzatiladi.

Prezident farmoni asosan Ichki ishlar vazirligidagi tashkiliy o'zgarishlarni nazarda tutadi, qo'shimcha boshqarmalar, tayanch punktlari tashkil qilinishi vazirlikning yanada kengayishidan darak beradi.

Farmoning asosiy mohiyati militsiyaning aholi bilan munosabatini o'zgartirishga, o'zaro ishonchli muloqot tiklanishiga qaratilgan, vazirlik faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo'lga qo'yish ham maqsad qilinadi.

Huquq faollari mamlakatda mavjud qiyinoqlar, inson huquqlari toptalishi sabablarini aynan huquq-tartibot organlariga berilgan chegarasiz vakolatlarda ham ko'rib kelayotgan edi.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov so'zlariga ko'ra, Prezident Mirziyoyev anchadan buyon huquq-tartibot organlari tizimida o'zgarishlar qilish, islohotlar o'tkazish niyatida, ammo kuch ishlatar organlar eski tizimdan voz kechish niyatida emas.

“Asossiz hibslar hozir ham davom etayapti, ayniqsa dindorlarga nisbatan, bu borada o'zgarish kuzatilmayapti. Lekin, men bilaman, prezident huquq-tartibot organlariga asossiz hibslarni to'xtatish,aybi isbotlanmaganlarni ozod qilishni o'ylash, qamoqxonalar sonini kamaytirish haqida gapirgan. Lekin ular o'zaro maslahatlashib bu narsani qilishni istamayapti, aksincha hammasini avvalgidek davom ettirshmoqda, noqonuniy hibslar, jinoiy ishlarni soxtalashtrish,bular hammasi prezident qabul qilayotgan qarorlarga qarshi qaratilgan harakatlar”, - deydi Ikromov.

Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, huquq-tartibot organlari tizimiga doir bir necha kadrlarni o'zgartirdi, jumladan, Ichki ishlar idorasiga yangi vazir tayinladi, viloyat boshqarmalarida ham rahbarlarni yangiladi. Faollarga ko'ra, bu o'zgarishlarning samarasi hozircha militsiya faoliyatida kuzatilganicha yo'q.

Huquq himoyachilari o'zbekistonliklar orasida radikal qarashlar kuchayishini mamlakatda namozxonlarga nisbatan davomiy tazyiqlar bilan ham izohlashadi. Tazyiqlar ortida, asosan, militsiya turgan.

Prezident imzolagan yangi farmon sharhida ta'kidlanishicha, O'zbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar Ichki ishlar vazirligi tizimini tubdan isloh qilish lozimligini ko'rsatgan. Shuningdek, sharhga ko'ra, vazirlik “inson huquqlari va erkinliklarini” himoya qilishni o'zining majburiyati va burchi deb biladigan kadrlarni jalb etishga yetarlicha diqqat qaratmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG