Breaking News

Mojarolarni yoritish kuchli zehn va ehtiyotkorlik talab qiladi


Somali jurnalistlari hibsga olingan hamkasbi suratini ushlab turibdi. 27-yanvar 2013-yil.
Somali jurnalistlari hibsga olingan hamkasbi suratini ushlab turibdi. 27-yanvar 2013-yil.

Somali jurnalistlar ittifoqi AQShning bu mamlakatdagi elchixonasi bilan birgalikda jurnalistlar uchun maxsus trening tashkil etdi. Maqsad – matbout xodimlariga mojarolarni yoritishda bilim berish hamda xavfli vaziyatdan omon chiqishni o’rgatish. “Amerika Ovozi”ning Mogadishudagi muxbiri ham uch kunlik mashqlarda qatnashdi.

Hani Hoji Muhammad Somali televideniyesida muxbir. Mojarolarni yoritishga bag’ishlangan treningda ishtirok etayotgan 40 jurnalistdan biri.

Somalida 20 yildan buyon siyosiy anarxiya hukm suradi. Mamlakat urush va terror girdobida. Biroq o’tgan yili yangi hukumat tuzilganidan keyin Afrika Ittifoqi va Somali qo’shinlari isyonchilar nazoratini ancha chekladi. Matbuot ham o’zgarmoqda.

Endi muxbirlar al-Shabab terror guruhiga qarshi harakatlarni bevosita yoritish imkoniga ega. Demak, yangicha yondashuv kerak, deydi Hani Hoji Muhammad.

“Ko’p hollarda Mogadishuda tinchlik va barqarorlikka tahdid tug’iladi. Hozirgi treningda turli holatlarni yoritishni o’rganyapmiz. Masalan, shaharda bomba portladi deylik. O’quv-mashg’ulotlarda bunday xabarni qanday yozishni o’rgandik”.

Jurnalistlar ittifoqi bosh kotibi Muhammad Ibrohim mashqlar haqida batafsil gapiradi:

“Treningda jurnalistlar birinchi navbatda o’zini himoya qilish va tirik qolishni o’rganadi. O’z hamkasblari va axborot agentligini, oilasini qanday himoya qilishni, hayotiga tahdid tug’ilsa, o’g’irlansa, hibsga olinsa, nima qilish kerakligini o’rgatamiz. Chegaradan o’tayotganda nima deyish kerakligini ham. Xullas, xavfsizlikka oid barcha masalalarni,” - deydi u.

Shu yilning o’zida Mogadishuda kamida ikki jurnalist o’ldirildi. Gumanitar vaziyatni yoritgani uchun ko’plab mukofotlarga sazovor bo’lgan muxbir Yusuf Keynan iyun oyida halok bo’ldi.

Somali jurnalistlar uchun eng xavfli o’lkalardan biri. Shunga qaramay, bu yerdagi vaziyatni xolis yoritishga intilayotgan professionallar kam emas.

Treningda jurnalistlar barqarorlikka hissa qo’shish yo’llari haqida ham ma’lumot oldi.

“Mamlakatdagi muammolarni muhokama qilish muhim. Jurnalist sifatida men tinchlik o’rnatish jarayonida ishtirok etishim kerak. Turli fikrlarni somaliliklarga yetkazishim, tinchlik dasturlariga hissa qo’shishim lozim”,- deydi trening qatnashchilaridan biri, radiomuxbir Xavo Luul.

Uch kunlik treningda kamida 13 jurnalist ayol ishtirok etdi. Xavfsizlik choralari kuchayar ekan, ayollar boshqarayotgan radiostansiyalar paydo bo’ldi. Ommaviy axborot vositalarining boshqa sohalarida ham ayollar ko’paymoqda.

Ammo muxbirlarga hujumlar ko’paygan. Kuchli hukumat zo’ravonliklarga chek qo’yib, bizni himoya qiladi degan umiddamiz, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG