Gumanitar tashkilotlar Suriyada ish qiyinlashganidan nolimoqda

  • Amerika Ovozi

Iroqning Arbil shahri tevaragidagi suriyalik qochqinlaSyrian refugees rest at a new refugee camp on the outskirts of the city of Arbil, in Iraq's Kurdistan region, August 20, 2013. The government of Iraqi Kurdistan has set an entry quota of 3,000 refugees a day to cope with an influx of Kurds fleeing the ci

Iroqning Arbil shahri tevaragidagi suriyalik qochqinlaSyrian refugees rest at a new refugee camp on the outskirts of the city of Arbil, in Iraq's Kurdistan region, August 20, 2013. The government of Iraqi Kurdistan has set an entry quota of 3,000 refugees a day to cope with an influx of Kurds fleeing the ci

Qish kirishi bilan fuqarolik urushi ketayotgan Suriyada millionlab odamlar ocharchilik, kasallik va sovuqqa yuz tutar ekan, ularga yordam berishga harakat qilayotgan xalqaro gumanitar tashkilotlar muammolarga duch kelmoqda.

Mamlakatda hukumat kuchlari va isyonchilar jang qilishda davom etmoqda. Oddiy xalq esa bundan jabr ko’ryapti. Minglab suriyaliklar qo’shni davlatlarga qochmoqda. Bu insonlar yo’lda ko’p mashaqqatlarga uchramoqda.

Qochqinlardan biri Muti Talaaning aytishicha, hozircha xudodan boshqasiga umid yo’q.

"Yo’lda nabiralarim ochlikdan yig’ladi, nogiron o’g’lim ham aziyat chekdi", - deydi u.

Isyonchilarga ko’ra, armiya Halab kabi aholi punktlarini bombardimon qilmoqda.

Kim isyonchiyu, kim oddiy fuqaro, ularga farqi yo’q, hammani o’qqa tutishmoqda, deydi ular. Buning oqibatida aholi uyini tashlab chiqishga majbur. Ko’plar vaqtinchalik lagerlarda qolib, dori-darmon, egulik va issiq kiyimga muhtoj.

Adnan Abdulrahmonning aytishicha, ularga, shuningdek, shaxsiy gigiyena jihozlari, suv, hojatxona, elektr quvvati, hammom ham kerak.

Suriyada urushdan oldin yashagan 23 million aholining uchdan bir qismi mamlakatning boshqa qismiga ko’chishga majbur bo’lgan bo’lsa, yana 2,3 millioni Suriyani tark etgan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Suriyaga insonparvarlik yordamini ko’rsatayotgan tashkilotlardan.

Uning xodimi Nensi Lindborg Suriyada dunyodagi eng chigal va murakkab mojaroga guvoh bo’lyapmiz, deydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, Suriyada to’qqiz milliondan ziyod odam gumanitar yordamga muhtoj.

Bu borada Qo’shma Shtatlar eng yirik donor. Biroq ayrim yirik shaharlar va tevaraklarida shiddatli janglar kechar ekan, insonparvarlik yordamini muhtojlarga yetkazishning imkoni bo’lmayapti.

"Suriya rejimi qamalidagi shaharlarda 250 ming odam qolgan, ammo ularga oziq-ovqat, qishki anjomlar va dorilarni yetkaza olmayapmiz", - deydi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi xodimi Nensi Lindborg.

Endi esa ob-havo ham pand beryapti. Qishning eng sovuq kunlarida harorat noldan tushib ketmoqda. Minglab suriyaliklar qishni polga faqat kleyonka solingan palatkalarda o’tkazishga majbur.

Um Abdulla Najiya va uning oilasi ana shunday chodirda bir necha oydan beri yashamoqda.

"Mana shu kichik chodirda yetti kishi yashaymiz. Bu oshxonamiz, bu esa hammom, mana bu bo’lagi oilaviy xona – hammasi mana shu palatka ichida. Ahvol juda og’ir", - deydi u.

Tibbiyot xodimlari Suriyada poliomiyelit tarqalayotganidan xavotirda. Urush emlash ishlariga ham halaqit beryapti, deydi ular.

Falaj mojaro zonasida odamlar qanday gumanitar xavf bilan yuzlashishi mumkinligini ko’rsatmoqda. Mutaxassislar kasallik epidemiyaga aylanishidan tashvishda.

Nensi Lindborgning aytishicha, urush sabab Suriyada taraqqiyot 35 yil orqaga surildi, ba’zi kasalliklar qaytib kelmoqda.

Qish kirishi bilan esa, deydi ekspert, Suriya va qo’shni mamlakatlarda gumanitar vaziyat yanada og’irlashmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG