"Islomiy davlat" qo'lidagi nasroniy asirlar soni 220 kishiga yetgan

  • Amerika Ovozi

Suriyalik qochqin oilalar

Suriyalik qochqin oilalar

Faollarning aytishicha, Suriya shimoli-sharqida "Islomiy davlat" olib qochgan nasroniylar soni kamida 220 kishiga yetgan.

Britaniyada asoslangan kuzatuv guruhining xabar berishicha, jangarilar Hasaka viloyatida 10 qishloqni qo'lga olib, oxirgi uch kunda o'nlab odamlarni asirga olgan.

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada ozchilik diniy guruhlar va elatlarni o'g'irlab qatl etishni odat qilgan.

Jangarilardan qochib yana ko'plab odamlar uyini tashlab chiqqani, Hasaka va Qamishli kabi shaharlarga bosh olib ketgani ma'lum.

Iroqning o'zida kurd jangchilari Amerika boshliq koalitsiya yordamida "Islomiy davlat" bilan olishmoqda.

Hafta boshida Davlat departamenti asirdagi nasroniylarni zudlik bilan qo'yib yuborishga chaqirayapti.

Jangarilarning ozchilik diniy guruhlarga muomalasi bu to'daning naqadar shafqatsiz va g'ayriinsoniy ekanidan dalolat beradi, dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Jenifer Psaki. Guruh begunoh insonlarga, ayniqsa, musulmonlarga jabr qilayapti, deydi u.

Bu orada, "Vashington Post" va "Bi Bi Si"ning yoritishicha, "Islomiy davlat" guruhining a'zosi, asirlarni boshidan judo qilishda qatnashgan niqobli odamning shaxsi aniqlangan. Jangarilarning videolarida londoncha shevada gapirgan odam Muhammad Emvazi ekani aytilmoqda.

Biroq "Amerika Ovozi"ning Yevropadagi muxbiri Jeymi Dettmerning bildirishicha, Yevropa razvedkasi buni to'liq tasdiqlaganicha yo'q. Xavfsizlik xizmatlari bu xabar yanglish bo'lishi mumkin, deya ogohlantirad.

Emvazi Quvaytda tug'ilgan, Londonda o'rtahol oilada katta bo'lgan, kompyuter sohasini o'qigan. Do'stlari va tanishlarining aytishicha, oxirgi yillarda Afrika va Yaqin Sharqqa safari paytida uning dunyoqarashi radikallashgan. Britaniya xavfsizlik xizmati uni anchadan beri qidirayotgan bo'lgan, deya yozadi matbuot.

Niqobdagi shaxs amerikalik jurnalistlar Jeyms Foli va Stiven Sotloff, britaniyalik gumanitar ishchilar Deyvid Heyns va Allan Henning hamda amerikalik insonparvarlik tashkiloti xodimi Abdul Rahmon Kassigni qatl etish uchun mas'ul deya ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG