AQSh Rossiyaga: Assadga qurol sotishni bas qiling

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Rossiyadan havo hujumiga qarshi ilg’or mudofaa tizimlarini Suriyaga sotmaslikni so’ramoqda. Bunday qadam yaqin ittifoqchimiz Isroilni xavf ostiga qo’yadi, deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Suriya mojarosini hal etish masalasi bugun Sochida, Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashvida ham muhokama qilindi.

Bu orada, bir guruh amerikalik qonunchilar prezident Obamani Suriyaga nisbatan harbiy bosimni oshirishga chaqiryapti. Kongress a’zolari nazarida AQSh Suriyadagi isyonchilarni qurollantirish vaqti keldi.

“Janob prezident, puxta reja ishlab chiqib, uni regiondagi ittifoqchilarning yordami bilan amalga oshirgan ma’qul”, - deydi Senatning Qurolli Kuchlar qo’mitasi rahbari Karl Levin.

Yana bir nufuzli senator Jon Makkeyn ikki yildan oshiq davom etayotgan urushning strategik va gumanitar oqibatlariga to’xtaldi. Amerika, deydi u, Suriya muxolifatini harbiy tayyorgarlikdan o’tkazib, qurol uzatishi, armiyaga qarashli samolyotlarni nishonga olishi lozim.

“Bizda Suriya havo kuchlarini barbod qilish, kimyoviy qurollarni manzilga yetkazuvchi ballistik raketalarini yo’q qilish imkoniyati bor”, - deydi Makkeyn.

Tashqi Aloqalar qo’mitasi raisi Robert Menendez Suriyadagi isyonchilarga yelkaga qo’yib otiladigan qurollar berish tarafdori.

“Prezident Bashar al-Assad ustun kelayotganiga ishonadi, demak, hozirgi yo’ldan qaytishiga ishonish qiyin. Bu vaziyatni o’zgartirish uchun qat’iy bir chora ko’raylik”, - deydi qonunchi.

Obama ma’muriyati hozirgacha millionlab dollarga teng gumanitar yordam ko’rsatgan, lekin qurol bilan ta’minlashga jur’at etmayapti. Assadga qarshi kurashayotganlar orasida radikal guruhlar borligi Vashingtonni chuqur xavotirga soladi.

Rimda Iordaniya tashqi ishlar vaziri bilan muloqot qilgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining ta’kidlashicha, fuqaro urushini yakunlash uchun tuzilajak muvaqqat hukumatda prezident Assadga joy yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG