Breaking News

Qirg’izistondagi referendum borasida tojikistonlik o’zbeklar fikri


Tojikistondagi o’rta maktab o’qituvchisi Yo’ldosh Ibragimovga ko’ra, “hozirgi og’ir sharoitda qirg’iz xalqi uchun, Qirg’iziston respublikasi uchun referendum o’tkazish umuman noma’qul”.

“O’zbekistonda, boshqa joyda bo’lgan qochoqlar vatanlariga qaytib borib grajdan sifatida so’rovda qatnashish huquqiga ega. Lekin ikkinchi tomoni shundayki, referendum bo’larkan, ular qaytib kelganda o’zlarini uylarini ko’rib, farzandlari o’ldirilganini ko’rib, ular referendumda qatnashmaydi. Balki shu davlatga nisbatan nafrati oshishi mumkin. Eng birinchi galda tinchlikni barqaror qilish kerak”, - deydi o’qitivchi.

Tojikistondagi mahalliy hukumatda ishlayotgan o’zbek amaldoriga ko’ra, Qirg’izistonda prezidentlik hokimiyati saqlangani durust.

“Butun Markaziy Osiyoda prezidentlikmi, u yerda ham prezidentlik bo’lishi kerak. Har respublikani o’zini asosiy qonuni bor. Uni bir kishi kelib o’zgartirmaydi-ku. Referendum o’tkazilsa xalq baho beradi, qani qanday qabul qilinadi”, - deydi amaldor.

Sobiq bank boshqaruvchisi Ahmadjon Iskandarovning fikricha, “referendum o’tkazsa bo’ladi, lekin hozir besaru-besamonlik, qon to’kilib yotibti, ko’p odam joyi yo’q, qochib yuribti”.

“Xalq so’rovi o’tkazish oson ish emas. Bugun so’rov o’tkazib, ertaga parlament hokimiyati o’rnatsayam bo’ladi-yu, unga ham arzirli odamlar kerak. Xalq bilan ishlash kerak. Menimcha, prezidentlik hokimiyati yaxshi. Qoida-qonunni chiqarib tashlash oson, amalda uni ijro qilish kerak”, - deydi sobiq amaldor.

Tojikiston Islom Uyg’onish partiyasi faoli Safarmahmad Abdulloyevga ko’ra, Qirg’izistonda hozir referendum o’tkazish mavridi emas.

“Hozirgi vaziyat referendum o’tkazishga muvofiq emas. Chunki hali hamma yerlarda guruhlar ko’p to’polon qilib yurishibdi. Referendum o’tgan chog’da ham u oldingi tinch davlatdagidek erkin o’tmaydi. Axir u yerda haligacha turlicha guruhlar ish ko’rmoqda”, - deydi Abdulloyev.

Bu partiyaning Spitamen nohiya bo’limi raisi Sayfiddin Tojiboyev qirg’iz xalqi referendumga tayyor emas deb o’ylaydi.

“Chunki bo’lgan inqilobu katta urushlarni oqibatidan hali xalq o’ziga kelgani yo’q. Hukumatni kimlar boshqarayotganini, ular qanday ish olib bora oladi, hali xalq bilmaydi. Ularni bu referendumga chaqirishlik to’g’ri bo’lmaydi”.

“Bu parlamentlik nizomi qanaqa davlat? Bu qanaqangi nizom? Aqallan bizni o’zimizni mintaqada bitta shunday davlat bo’lganda ham odamlar tushungan bo’lardi. Lekin hozir xalq referendumga borib ularga tarafdorlik qilsa, yana o’sha inqiloblarda ko’r-ko’rona chetdan kelgan odamlarni fikrlari, aqidalariga ergashib, shoshqaloqlik bilan qilinayotgan ishga o’xshab qoladi”, - deydi Tojiboyev.

Partiyaning nohiya bo’limi mudiri Odiljon Qoshmatov referendum orqali “konstitutsiyalar qabul qilinaversa, insoniyat ustidan laboratoriyada quyonlar ustidan eksperiment o’tklazilgani kabi bo’lib qolmaydimi?” deb savol qo’yadi.

U bir dindor sifatida respublikada islomga asoslangan, millatchilikdan xoli qonunlar chiqarilishi tarafdori.

“Inson huquqlarini muhofaza qilib, avvalo xalq manfaatidan kelib chiqib qonunlar qabul qilinsa yaxshi bo’lardi”.

Tojikistonlik O’tkir Toshtemir og’lining fikricha, hozir Qirg’izistonga qaytayotgan qochqinlarning yuragiga siyosat sig’maydi.

“Bu odamlar o’zlarining qochoq bo’lishlariga sabab bo’lgan rahbariyat o’ylab topgan qonun-qoidalarga shunchaki rozi bo’larmidilar? Hozir Qirg’izistonda allakimlarningdir butun Markaziy Osiyo bo’yicha o’tkazayotgan ulkan siyosiy rejasi repetitsiya qilinmoqda”.

XS
SM
MD
LG