Fathulla Gulen: Turkiyadagi voqealarga mutlaqo aloqam yo'q

  • Amerika Ovozi

AQShda yashovchi diniy ulamo Fathulla Gulen Turkiyada davlat to'ntarishiga urinish ortida turganini qat'iyan inkor etmoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an isyonda Gulen tarafdorlarini ayblab, Vashingtondan uni ekstraditsiya qilishni so'rayapti.

1990-yillarda Turkiyaning dunyoviy tuzumini ag’darishda ayblangan imom o’z vatanida hamon katta nufuzga ega. U bir vaqtlar Erdog'anning ittifoqchisi bo'lgan. Hozirda AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydi.

Fathulla Gulen harbiylar isyonini qoraladi.

"Hukumat kuch bilan emas, balki erkin va adolatli saylovlar orqali qozoniladi. Turkiya, uning xalqi va bu mamlakatda yashayotgan barcha insonlar haqqiga duo qilamanki, bu mojaro tinch yo'l bilan hal etilsin", - deydi u.

"O'zim o'tgan 50 yil mobaynida harbiy to'ntarishlarda jabr ko'rgan bir insonman. Bunday voqealarga meni aloqador deb ko'rishlari ayniqsa haqoratomuz", - deya qo'shadi Gulen.

Pensilvaniyadagi uyida matbuot anjumani uyushtirgan imom vatanni tark etganiga 15 yil bo'lganini qayd etib, hozir Turkiyada tarafdorlarim kim ekanini hatto bilmayman, deydi.

Fathulla Gulen matbuot anjumanida so'zladi (turk va ingliz tillarida):

"Amerika Ovozi"ning Turk xizmati bilan suhbatda Fathulla Gulen Prezident Erdog'anning unga qaratilgan ayblovlarini asossiz deya rad etdi. "Isyonda muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda ham Turkiyaga qaytmagan bo'lardim", - deya ta'kidladi u.

Diniy arbob Turkiyadagi qo'zg'olon hukmron partiya tomonidan rejalanib, amalga oshirilganini ham ehtimoldan soqit qilmaydi.

Prezident Erdog'an so'nggi voqealarni "Allohdan tuhfa" deb ta'riflab, qurolli kuchlar safini tozalash uchun asos bo'lishini aytmoqda. Mamlakatda o'lim jazosi tiklanishi mumkin.

Fathulla Gulen boshchilik qiladigan "Xizmat" harakati Turkiyadan tashqarida ham yuzlab, maktablar, madaniy markazlar va xayriya tashkilotlarini o'z ichiga oladi.

Qo'shma Shtatlar ekstraditsiya talabini ko'rib chiqishga tayyor, ammo Anqara Gulenning fitnaga aloqador ekanini isbotlashi, konkret dalillarni taqdim etishi darkor, deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG