Turkiya hukumati turizm sanoatini qutqarish niyatida

  • Amerika Ovozi

Istanbul

Istanbul

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto’g’li mamlakatning turizm sanoati uchun ko’zda tutilgan moliyaviy yordam rejasini e’lon qildi. So’nggi oylarda Rossiya bilan aloqalarning sovuqlashishi hamda mamlakat ichidagi muammolar sababli bu mamlakatga bormoqchi bo’lgan sayyohlar keskin kamaygan.

Turkiya iqtisodi uchun katta daromad manbai bo'lgan turizm sanoati turli xavfsizlik muammolari sababli inqirozga yuz tutmoqda. Bu mamlakatga, odatda, Germaniyadan sayyohlar ko’p kelar edi, ammo 12-yanvar kuni Istanbuldagi portlashlarda 12 nemis fuqarosi nobud bo'lgandan keyin Turkiyaga putyovka olib qo'yganlar ham rejasini o'zgartirgan.

Rasmiy Moskva oktabr oyida Rossiya samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilgandan so'ng fuqarolarini bu mamlakatga sayohat qilmaslikka undadi. Mana endi esa kurd isyonchi guruhi ham turistlarga Turkiyaga bormaslikni tavsiya qilmoqda.

Yevropaning eng katta sayyohlik kompaniyalaridan biri ma'lumotlariga ko'ra, Turkiyaga sayohatlar 40 foizga kamaygan. Bu mamlakatning eng katta kurort shahri, ruslar uchun asosiy tashrif maskani bo’lgan Antaliya, ayniqsa, katta zarar ko'rmoqda, deydi Istanbuldagi "Global Source Partners" konsalting firmasi tahlilchisi Atilla Yesilada.

"Juda ko'p kompaniyalar qiyin ahvolda. Qariyb 1300 ta mehmonxona sotuvga qo’yilgan. Antaliyaga kelayotgan sayyohlar soni 21 foizga kamaydi. Vaziyat haqiqatdan ham og'ir", - deydi u.

Istanbuldagi Finans Bank bosh iqtisodchisi Inan Demirning so’zlariga ko’ra, mamlakat turizm sohasida rossiyaliklarga qaramligini kamaytira boshladi.

“Turkiya Rossiya sayyohlarining kamayganiga o’rganmoqda. Rossiyaning iqtisodiy inqirozga yuz tutayotganini inobatga olsak, Turkiyada dam olishga qurbi yetadigan rossiyaliklar soni ham pasaygan. Demak, Turkiya shirkatlarining o’zgarishlarga moslashish uchun vaqti bo’ldi”, - deydi u.

O’tgan hafta poytaxt Anqarada harbiy avtobusning portlashi natijasida 28 odam nobud bo’lgani turizm sohasi uchun yanada katta zarba bo’ldi. Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) isyonchilariga aloqador guruh portlash uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga oldi. Bu guruh Turkiyaning boshqa hududlarida ham xurujlarni amalga oshirgan.

Konsultant Yesilada sohadagi muammolarning iqtisodiy oqibatlari jiddiy bo’lishi mumkin, deydi.

“Turkiya turizm sohasida yiliga 35 milliard dollar aylanadi, bu esa yalpi ichki mahsulotning 5 foizi. U kamaysa, iqtisodiy o’sish 1,5 foizga kamayishi mumkin. Yana bir muhim masala shundaki, bu sanoatda kamida 3 million odam ishlaydi. Agar turizm sohasida muammolar boshlansa, ishsizlik oshadi, bu esa pirovardida ijtimoiy beqarorlikka olib kelishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Xalqaro valyuta jamg’armasi shu yil Turkiya iqtisodiyotida kutilayotgan o’sishga oid raqamlarni qayta ko’rib chiqdi. Mamlakat oldidagi yangi muammolar vaziyatni yanada og’irlashtirishi mumkin, deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG