Erdog'anning O'zbekistonga tashrifidan nimalar kutilyapti?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

O`zbekistonni Yevrosiyoning yuragi sifatida taqdim etayotgan Turkiya matbuoti O`zbekiston bilan geosiyosiy munosabatlar qurishga diqqat qaratmoqda.

Toshkentning Anqara bilan aloqalarni rivojlantirishga qanchalik tayyorligi hozircha mavhum. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an O`zbekistonga safarini Samarqandda Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshlashi kutilmoqda. Uzoq yillik tanaffusdan so`ng O`zbekiston va Turkiya rahbarlarining oliy darajadagi muzokaralari Karimov davrida ancha sovuqlashgan munosabatlarda o`zgarishlar qilishi kutilmoqda.

Prezident Erdog'an safari oldidan bergan intervysida O`zbekiston bilan munosabatlarda yangi sahifa ochilishiga umidvorligini bildirgan. Karimov davriga to`g`ri kelgan munosabatlarning eski sahifalari ancha sovuq, tomonlar o`rtasidagi rasmiy tashrifning so`nggisi 2003-yilda kuzatilgan. O'shanda Toyib Erdog`an Turkiya Bosh vaziri sifatida O`zbekistonga kelgan edi.

Ikki mamlakat o`rtasida oradan o`n yildan ziyod vaqt o`tib amalga oshayotgan navbatdagi oliy tashrif ham Erdog'an prezidentligi davriga to`g`ri kelmoqda. Bu tashrif O`zbekistonda hokimiyat almashishi, Toshkent Karimov davrida ziddiyatli bo`lib kelgan munosabatlarni qayta ko`rayotgan bir paytda kuzatilyapti. Safar arafasida berilayotgan bayonotlar munosabatlar rivojlanishiga umid beradi.

Turkiya matbuoti O`zbekistonni Yevrosiyoning yuragi sifatida ta'riflaydi, tomonlar o`rtasida geosiyosiy munosabatlarga ehtiyoj borligi, Turkiya tashqi siyosati faqat Yaqin Sharqdan iborat bo`lib qolmasligi lozimligiga ahamiyat qaratadi.

Erdog'an tashrifining nafaqat O`zbekistonda hokimiyat almashayotgan, balki Turkiya tashqi siyosatida ham o`zgarishlar kechayotgan bir paytga to`g`ri kelayotganiga diqqat qaratilmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o`zbek yozuvchisi Safar Bekjonga ko`ra, G`arb bilan munosabatlarini tobora keskinlashtirib borayotgan Toyib Erdog`an tashqi siyosatini Yevrosiyo tomonga qaratmoqda.

“O`zbekiston Turkiya bilan bir masalada, Yevrosiyo masalasida kelishishi mumkin. Erdog`an Turkiyani Yevropa va AQShdan uzoqlashtirib, Xitoy va Rossiya ta`siridagi Yevrosiyoga yaqinlashtirayapti. Bu jarayonda O`zbekiston muhim o`rin tutadi. O`zbekiston ham shu yo`nalishga yuradigan bo`lsa, Turkiya O`zbekiston orqali ham o`z pozitsiyasini ancha mustahkamlashi mumkin. Erdog`an hozir bu haqda jiddiy o`ylanayapti, nima hisobiga bo`lsa ham, O`zbekiston bilan aloqalarni jiddiy yaxshilashga hozirlanayapti. Ikkinchi masala, albatta, iqtisodiy manfaatlar. Yevropadan uzoqlashayotgan Turkiya uchun yangi bozorlar kerak, ishlab chiqarish tobora zaiflashib borayotgan O`zbekistonning iste`mol bozori nisbatan kattaroq, 32 million. Turkiya biznesining ommaviy kirib kelishidan O`zbekiston ham, Turkiya ham manfaatdor”, - deydi Safar Bekjon.

Turkiya O`zbekiston mustaqilligini dastlab tan olgan, qo`llab chiqqan qardosh davlat hisoblanadi. Mustaqillikning ilk yillarida Turkiya bilan aloqalar shiddat bilan rivojlandi, O`zbekisonda Turkiya rivojlanish modelini qo`llashga ham ixtiyor qilindi. Ammo mamlakatda muxolifatga nisbatan tazyiq boshlanishi, O'zbekiston muxolifatining Turkiyadan boshpana topishi ortidan aloqalar keskin sovuqlashdi. O`zbekiston iqtisodiga sarmoya kiritgan turk sarmoyadorlari ham, qardosh xalqlar o`rtasidagi madaniy-ma`rifiy aloqalar ham bu ziddiyatdan chetda qolmadi.

Karimov davridagi sovuq munosabatlar unutilishiga va aloqalarda yangi sahifa ochilishiga umid qilinmoqda. Ammo bu umidlar Turkiya tomonidan kuzatiladi, Toshkent bu borada qanday pozitsiyada ekanligi hozircha mavhum. Rasmiy nashrlarda Toyib Erdog'anning kutilayotgan safari haqida xabarlar ko'zga tashlanmaydi. Tashqi ishlar vazirligining dunyo davlatlari bilan hamkorlikka oid ma`lumotlar taqdim etilgan rasmiy sahifasida Turkiya bilan munosabatlarga doir ma`lumot ham mavjud emas.

“O`zbekiston saylov o`tguncha hamma bilan aloqalarni tiklashga harakat qiladi. Mirziyoyev birovni itarish, xohlamaymiz deydigan vaziyatda emas, iqtisod cho`kkan, xazina bo`shagan, hamma narsa bo`lishi mumkin. Bu jarayonda Mirziyoyevga tashqaridan har qanday ko`mak, qo`llab-quvvatlash muhim. Qo`shni davlatlar, Rossiya, Xitoy bilan munosabatlar yaxshilanyapti, Turkiya ham shular jumlasidan. Lekin haqiqatda aloqalarning qanday bo`lishini faqat saylovdan keyingi vaziyat ko`rsatadi”, - deydi Safar Bekjon.

Turkiya prezidentining O`zbekistonga safari 17-18-noyabr kunlari bo'lib o'tadi. Erdog`an dastlab Samarqandda Karimovning qabrini ziyorat qilishni, so'ng muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o`tkazishni rejalashtirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG