AQSh Xitoyni hibsdagi uyg'ur ziyolisini ozod qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Ayirmachilikda ayblanayotgan uyg'ur professori Ilhom To'xti

Ayirmachilikda ayblanayotgan uyg'ur professori Ilhom To'xti

Qo’shma Shtatlar Xitoy hukumatini uyg’ur professori Ilhom To’xtini ozod etishga chaqirmoqda. Pekindagi universitetda iqtisodiyot o’qituvchisi bo’lgan bu olimga chorshanba kuni bo’lginchilik aybi qo’yilgan. Uyg’ur faollariga ko’ra, jamoa orasida Pekin siyosatiga qarshi norozilik kuchaymoqda.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Meri Xarf yanvar oyida hibsga olingan Ilhom To’xti va uning olti talabasiga qo’yilgan ayblovdan xavotir bildirdi.

Faolning salomatligi va advokatining bor-yo’qligiga doir ma’lumotga ega bo’lmaganimizdan tashvishdamiz. Xitoy hukumatidan u va talabalarini ozod etib, himoyasi va ozodliklarini kafolatlashni talab qilamiz. Chunki Xitoy inson huquqlariga doir xalqaro shartnomalarni imzolagan, deydi Xarf.

Xitoyning “Global Times” gazetasiga ko’ra, Pekindagi Markaziy millatlar universitetida professorlik qilgan Ilhom To’xti 15-yanvar kuni hibsga olinib, Shinjonga ko’chirilgan edi.

Unga xorijdan turib faoliyat yurituvchi Jahon uyg’urlari kongressi bilan aloqada bo’lish, Shinjonning Xitoydan ajralishini himoya qilish aybi qo’yilgan. Politsiya To’xtini Sharqiy Turkiston islomiy harakatiga aloqadorlikda ham ayblaydi. Guruh terrorchi tashkilot deb tan olingan.

Davlat matbuotiga ko’ra, To’xti musulmon bo’lgan uyg’ur namoyishchilarni qahramon deb atab, o’zi o’qitgan talabalarga Xitoy va hukumatga nisbatan nafrat tuyg’usini singdirgan.

Avstraliyaning Griffit Osiyo instituti tahlilchisi Maykl Klark To’xtining aybdor deb topilishiga shubha yo’q edi, deydi. Uning ishi Urumchidagi xalq sudida ko’riladi.

Taniqli odamlar ishtirokidagi bunday sud ishlarida ayblanuvchilar odatda doim mahkum etilib, jazoga tortiladi. Separatizm uchun esa o’lim jazosi belgilangan. Bu ishda ham shunday bo’ladimi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas, deydi Klark.

Tahlilchining aytishicha, To’xti separatizm yoki bo’lginchilikka da’vat etish bilan bog’liq biror faoliyatga hech qachon aralashmagan.

U Pekinda iqtisodiyot professori sifatida uyg’ur muxtoriyati haqida ko’p gapirgan. Hukumatning Shinjondagi siyosatini yumshoq tanqid qilgan. Biroq unga o’qishda mojarolar keltirib chiqarish, odamlar ongiga bo’lginchilik g’oyalarini singdirish, etnik adovatni keltirib chiqarish maqsadida talabalar orasida mish-mish va yolg’on ma’lumot tarqatish, Shinjon mustaqilligi g’oyasini targ’ib qilish, bo’lginchilik faoliyati bilan shug’ullanish kabi ayblovlar qo’yilgan, deydi ekspert.

Uyg’ur Amerika uyushmasi prezidenti Olim Seytoffning taxmin qilishicha, Xitoy Shinjonda bir necha kun oldin ro’y bergan zo’ravonliklardan e’tiborni chalg’itish uchun Ilhom To’xtiga qarshi ayblovlarni aynan hozir e’lon qildi. Faolning taqdiri haqida olti oy xabar bo’lmadi, deydi Seytoff.

Qo’l-oyog’iga kishan solishib, 10 kun ovqat ham berishmadi unga. Yomon muomala qilishdi unga, deydi Uyg’ur Amerika uyushmasi prezidenti.

Olim Seytoffning aytishicha, Ilhom To’xti uyg’urlarni xitoylar bilan yarashtirishga qaratilgan internet sahifa yuritib, Xitoyning Shinjondagi qattiqqo’l siyosatini o’zgartirishga harakat qilardi.

Aprel oyida Xitoy prezidenti Si Zinpin uyg’urlar yashovchi bu viloyatda bo’lganida terrorchilarga qarshi dadil harakat qilishga chaqirgan edi.

Dushanba kuni Qashqarda xanjar va bolta bilan qurollangan bir guruh uyg’urlar politsiya mahkamasi va davlat idoralariga, ko’chadagi odamlarga hujum qildi. Politsiya ularni to’xtatish uchun qurolni ishga solib, o’ndan oshig’ini otib o’ldirdi. Rasmiy Pekin voqeani ana shunday ta’riflab berdi. Unga ko’ra, bu oldindan rejalangan terror xuruji edi.

Biroq uyg’ur yetakchilaridan biri Olim Seytoff nazarida bular yolg’on.

Xitoy hukumati Ramazon paytida musulmonlarning ro’za tutishini cheklab qo’ydi. Xavfsizlik kuchlari uyma-uy yurib, ro’zador uyg’urlarni qidirdi, tunda ularga zulm qildi, namoz o’qiyotganlarni ushlab, qamab qo’ydi, bir oilani esa otib o’ldirib qo’yishdi. Bundan g’azablangan xalq ko’chaga chiqib, politsiya zulmiga qarshi namoyish qildi, deydi Olim Seytoff.

Uning aytishicha, uyg’ur jamoasi orasida Xitoy hukumatidan norozilik kuchli. Bu esa, uning nazarida, 2009-yil iyulida bo’lgan qonli to’qnashuvlarning takrorlanishiga olib kelishi mumkin. Urumchidagi o’sha tartibsizliklarda 200 ga yaqin odam o’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG