Breaking News

Qrim tatarlari Putindan rus zobitlarini Qrimdan chiqarishni so'ramoqda


Mustafo Jemilev, Qrim tatarlari yetakchisi
Mustafo Jemilev, Qrim tatarlari yetakchisi
Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilev kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi. Suhbat chog'ida Jemilev Qrimning Ukraina tarkibidan chiqib, Rossiyaga qo'shilishi xalqaro qonunga zid, deb aytgan.

"Rossiya va Ukraina o'rtasidagi to'qnashuvning oldini olish uchun rus zobitlarini Qrimdan chiqarishni tavsiya qildim", - deydi faol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Qrim tatarlari yarimorol aholisining 12 foizini tashkil etadi. Jamoa rahbarlari 16-martga belgilangan referendumni boykot qilishga chaqirgan.

Jemilevga ko'ra, Putin undan referendumni qo'llab-quvvatlashni so'rab, tatar aholiga provokatsiyalarga uchmaslikni tavsiya qildi.

"Bu masalada fikrimiz bir joydan chiqmadi, yondashuvimiz turlicha. Ammo ikkimiz ham qon to'kilishiga, etnik mojaro chiqishiga qarshi chiqdik", - deydi Mustafo Jemilev.

Bugun Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, agar Rossiya Ukrainaga doir siyosatini o’zgartirmasa, yirik siyosiy va iqtisodiy zararga yuz tutishi mumkin.

Merkel bu haqda Germaniya parlamentida so’zladi. Uning aytishicha, Ukrainaning hududiy daxlsizligi muhokama uchun yopiq mavzu.

Yakshanba kuni Qrimda referendum o’tkaziladi. Aholi Rossiyaga qo’shilishga ovoz berishi kutilmoqda. AQSh prezidenti Barak Obama agar Moskva Ukraina ichki ishlariga aralashishda davom etsa, G’arb unga bosim qo’yishini aytdi.

Kecha Obama Oq uyda Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyukni qabul qilib, Vashington Qrim maqomi bo’yicha referendumni tan olmasligini bildirdi.

"Jarayon xalqaro qonunga zid", - dedi Obama.

Yatsenyuk AQSh rahbariga bu masaladagi xayrixohligi uchun minnatdorchilik bildirib, Moskva bilan muzokaraga tayyor ekanini aytdi. Shu bilan birga Ukraina bo’yin egmaydi, dedi u.

Unga ko’ra, Kiyev shu oy Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik to’g’risidagi shartnomani imzolashi kutilmoqda. Eski hukumatining ag’darilishiga sabab bo’lgan Kiyevdagi namoyishlar prezident Viktor Yanukovich bu hujjatni imzolashdan bosh tortganidan so’ng o’tgan yil kuzida boshlangan edi.

AQSh senatori Jon Makkeyn bugun bir necha qonunchi bilan Kiyevda bo’ladi.

"Muvaqqat hukumatni qo’llab-quvvatlashimizni ko’rsatmoqchimiz", - dedi u.

Ertaga Londonda AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashadi.

Kecha esa Katta Yettilikka a’zo rivojlangan davlatlar bayonot chiqarib, Rossiyani Qrimni o’ziga qo’shib olish niyatidan qaytishga chaqirdi. Guruhga Britaniya, AQSh, Kanada, Yaponiya, Fransiya, Germaniya va Italiya kiradi. Ular Qrimdagi referendum natijasini tan olmasligini bildirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG