Ukrainada siyosiy qutblashish avjjida

  • Amerika Ovozi

Ukrainada siyosiy qutblashish avjjida

Ukrainada siyosiy qutblashish avjjida

Ukrainada sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenkoning ishi sudda ko'rilmoqda. Rasmiy Kiyev Timoshenko lavozimini suiiste'mol qilgan desa, "Qo'ng'ir inqilob" yetakchisiga ko'ra, siyosiy raqiblari shu tariqa undan qutulmoqchi.

Poytaxt Kiyevda sud binosiga yetmay Yuliya Timoshenkoning tarafdorlarini ham, unga muxolif kuchlarni ham eshitsa bo'ladi. Birinchilar sobiq bosh vaziraning aybi yo'q deb bong ursa, ko'chaning u tarafida hukumatga xayrixoh odamlar qarama-qarshi fikr bildirmoqda.

Timoshenkoning o'zi esa 19-asrda bunyod etilgan sud binosida unga qarshi ayblovlarni tinglamoqda.

30 yoshli o'qituvchi Olga Mola arbob ustidan sud jarayonini qoralamoqda.

"Timoshenkoni qamashsa, Ukrainada demokratiya va qonun ustuvorligi tugadi deyavering", - deydi u.

Timoshenko 2009-yilda Rossiya bilan gaz bo'yicha bitimni imzolaganlikda ayblanmoqda. Sud nazarida bosh vazira hujjatni Ukrainaga to'g'ri kelmaydigan shartlar asosida yoqlab, mamlakatga 300 million dollarlik zarar keltirgan. Shartnoma 10 yilga imzolangan. Ammo, deydi Timoshenkoning himoyachilari, qahraton yanvar oyida erishilgan bitim tufayli Ukraina va Sharqiy Yevropa aholisi sovuqda qolib ketmadi.

33 yoshli ishchi Miroslav Nabil Yevropani xiyonatda ayblamoqda.

"Uch yil burun Rossiya Yevropaga gazni uzib qo'ygan edi, Timoshenko esa dadil harakat qildi. O'shanda undan minnatdor bo'lgan Yevropa hozir negadir jim".

Fransiya, Germaniya va Shvetsiya sud jarayonini qoraladi. Siyosiy tahlilchilar nazarida agar sud Timoshenkoni aybdor deb topsa, Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan erkin savdoga doir bitimni tasdiqlamasligi mumkin.

Qo'shma Shtatlar ham qo'l qovushtirib o'tirgani yo'q. Obama ma'muriyati fikricha Ukrainada adliya hamma uchun birday ishlamasdan muxolifat yetakchilarigina sudga tortilmoqda.

Sud binosi yonida chodirlar o'rnatib Timoshenkoga qarshi namoyish qilayotganlar unga qo'shib Amerikani ham so'kmoqda. Ularning aytishicha, AQSh Ukrainaning ichki ishiga aralashmoqda.

"Qo'li egri siyosatchilar qonundan ustun turmasligi kerak", - deydi 29 yoshli Lyudmila Solovyova. "Muxolifat rahbari bo'lsa o'ziga, qilmishiga hamma qatori birday javob berishi kerak".

Timoshenkoga qarshi kuchlar joylashgan lagerda "Xalq mulkining o'g'risiga uyat", "Timoshenko uyushgan jinoiy to'da boshlig'i" kabi shiorlarni uchratish mumkin. Yana birida esa uning modaga bo'lgan ishtiyoqi mazax qilinadi: "Lui Vitton taqinchoqlari muxolifatning ramzi".

Kiyevda tadqiqot olib boruvchi Jahon tinchligi instituti rahbari Alyona Getmanchuk hissiyotga berilmasdan so'zlaydi. Uning nazarida prezident Viktor Yanukovich Yuliya Timoshenkoni sudga tortishga ko'rsatma berib, katta xato qildi.

"Bu bilan Yanukovich shu paytgacha tarqoq bo'lgan muxolifatning birlashishiga yo'l ochib, Timoshenkoga bo'lgan xayrixohlikni kuchaytirdi. Yulduzi so'nib borayotgan sobiq bosh vazira uchun siyosiy Olimpga qaytishiga yaxshi imkoniyat bu".

Prezident jahon hamjamiyati tanqidiga ham uchradi. Nafaqat Yevropa va AQSh, balki Kreml ham suddan norozi.

Rossiya ittifoqchisi bo'lgan Yanukovichni bu masalada qo'llab-quvvatlasa, 2009-yilda imzolangan hujjatning qonuniyligini shubha ostiga qo'ygan bo'ladi. Boshqa tomondan Ukrainaning Yevropa bilan erkin savdo bitimini istamayotgan Kreml Timoshenko ustidan sud jarayonini tanqid qilib, hujjat imzolanishining oldini olmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG