Xalqaro Amnistiya Ukraina armiyasi va isyonchilarni qiynoqlarda aybladi

  • Amerika Ovozi

Donetsk Xalq Respublikasi jangchilari Donetsk shahrida, Ukraina, 13-iyul, 2014-yil

Donetsk Xalq Respublikasi jangchilari Donetsk shahrida, Ukraina, 13-iyul, 2014-yil

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko’ra, so’nggi oylarda Ukraina sharqida o’nlab odamlar rossiyaparast kuchlar tomonidan o’g’irlanib, qiynoqqa solingan. Guruh Ukraina armiyasini ham inson huquqlarini toptaganlikda ayblamoqda.

Ukraina hukumati tarafdorlaridan biri, Xanna ismli ayolning aytishicha, u bir necha oy oldin Donetskdagi uyidan isyonchilar tomonidan o’g’irlab ketilgan edi.

Yuzimga urishdi. Meni rosa do’pposlashga harakat qilishdi. Qo’llarim bilan yuzimni to’sib oldim. Shundan keyin pichoq bilan qo’l va oyog’imni kesishdi, deydi u.

Xannaning aytishicha, uni devorda o’z qoni bilan separatistlar shiorini yozishga majburlashdi.

Meni qiynagan odam “Donbassni sevaman” deb yozgin, dedi. Agar buni yozishga qoning yetmasa, otib o’ldiraman, dedi, deydi Xanna.

Xalqaro Amnistiya to’plagan ma’lumotlarga ko’ra, separatistlar o’nlab odamni shunday qiynagan.

"Asosan Ukraina yaxlitligi tarafdorlari, Ukraina bayrog’ini hilpiratgan, ukraincha shiorlar aytgan odamlar jabr ko’rgan. Nafaqat ular, 25-may kuni o’tgan prezident saylovlariga aloqadorlar ham – saylov uchastkasi vakillari, kuzatuvchilar, jurnalistlar ham", - deydi Xalqaro Amnistiya vakili Denis Krivosheyev.

Guruh sharqdagi hukumat tarafdorlari uy-joyini tashlab, poytaxt Kiyevga ko’chayotganini ma’lum qilmoqda. Sasha ismli yigitning aytishicha, u o’tgan oy Luganskda hukumatga xayrixoh namoyishlarda ishtirok etganidan so’ng o’g’irlangan.

"Ular menga “alvido, seni o’ldiramiz” deyishdi. So’ng biri qo’lidagi to’pponchasini boshimga taqab, korridor orqali yurishimni va miq etmasligimni buyurdi. Men yura boshladim. Qurollangan odamlar “hayot bilan xayrlashaver” deyishdi", - deydi Sasha.

Xalqaro Amnistiyaga ko’ra, isyonchilar qo’lidagi ayrim joylar Ukraina harbiylari tomonidan ozod etilgach, jabrdiydalar boshlariga tushgan ofat haqida ochiq gapira boshladi.

So’nggi kunlarda Ukraina armiyasining janglarda qo’li baland kelib, separatistlarni Slavyansk va Kramatorskdan siqib chiqarishga muvaffaq bo’ldi.

Xalqaro Amnistiya Ukraina harbiylari va ularga yordam berayotgan faollarni ham odam o’g’irlash va qiynoqlarda ayblamoqda, ko’lami u qadar katta bo’lmasa-da.

Hukumat aybdorlarni jazosiz qoldirmasligi kerak, deydi Denis Krivosheyev.

"Militsiya mamlakat bo’ylab fuqarolar huquqlarini muntazam ravishda poymol qilib kelgan. Agar Kiyev qonun ustuvorligi va tartibni tiklamoqchi bo’lsa, shundan boshlashi zarur", - deydi Xalqaro Amnistiya xodimi.

Isyonchilar hozir Donetsk va Luganskda pozitsiyalarini kuchaytirmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu shaharlar uchun janglar ko’p odamning hayotiga zomin bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG