Kaliforniya - innovatsiya o'chog'i

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya deganda Gollivud va kompyuter texnologiyalari makoni bo’lgan Silikon vodiysi ko’z oldimizga keladi. Bu shtat eng zamonaviy avtomobillari bilan ham mashhur. Yaqinda Toyota kompaniyasi elektr motorli avtomashinani aynan Kaliforniyada taqdim etdi. Fiat ham yangi mahsulotini shu yerda sota boshlaydi. Xo’sh, Kaliforniya sanoat yetakchilarini nimasi bilan jalb etmoqda?

Los Anjeles tepaliklari Skott Peynter singari avtomobil shaydolari uchun ayni muddao. Yangi mahsulot chiqdimi, albatta sinab ko’radi.

“Elektr mashinalarning hammasini minib ko’rganman. Tesla ning S modeli ham bor menda”.

Peynter TrueCar.com internet saytiga asos solgan. Xaridorlarga avtomobillar bahosi haqida ma’lumot beradi.

“Janubiy Kaliforniya - innovatsiya o’chog’i. Kashfiyot-yangiliklarni biz birinchi bo’lib ko’ramiz,” - deydi Peynter.

Los Anjelesdagi avtoshouda BMW, Chevrolet va Fiat ning batareyali mashinalari…

Bu shaharda odamlar qimmat mashinalarga o’ch, deydi mana bu xaridor:

“Ipoteka emas, mashina kreditini birinchi navbatda to’laydi”.

Masalan, yangi Teslaning narxi 60 ming dollardan 80 minggacha.

Ko’rgazma vakili Brendan Flinn so’zlariga ko’ra, Kaliforniyada atrof-muhitni zaharlamaydigan avtomobillar sotib olish rag’batlantiriladi.

"Qonunlar shunaqa. Soliq chegirmalari, imtiyozlar bilan siynalasiz".

Shon Xelledey, masalan, shtatdan va federal hukumatdan 10 ming dollar qaytib oldi.

“Boshqa shtatda yashaganimda, ehtimol bunday mashina tanlamasdim”.

Benzinga ehtiyoj yo’qligi yaxshi, deydi xaridor. Lekin elektr zapravkalarni ko’paytirish kerak.

“Yon atrofda bunday shoxobchani topa olmadim. Uyimga yetib olishim kerak-ku”.

Kaliforniya bu masalada ham boshqa shtatlardan oldinda. Jordan Ramerning kompaniyasi elektr mashinalarni zaryadlaydigan mingdan oshiq stansiya bunyod etgan.

“Butun mamlakat bo’ylab ochgan zapravkalarimizning yarmidan ko’pi Kaliforniyada, xususan shtat janubida. Chunki elektr mashinalarning katta qismi shu yerda sotiladi”.

Xaridor Ed Zelki uchun ekologiya muhim masala.

“Global iliqlashuv jiddiy muammo hozir. Uni hal etishning bir yo’li – elektr mashinalar. Muammoni hal etishga men ham hissa qo’shay deyman”.

Tesla kompaniyasi bozorga arzonroq mashinalar chiqarmoqchi. Xaridorlar sonini oshirish uchun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG