Nyu-yorkliklarning sevimli oromgohi qayta ochildi

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili oktabr oyida “Sendi” dovuli AQShning sharqiy qismini xonavayron qildi. Nyu-Yorkning Bruklin dahasidagi Koni Aylend sohili ham suv ostida qoldi. Bu yerningi butun dunyoga dong’i ketgan oromgohlari jiddiy shikast ko’rdi. Lekin yangi mavsum boshlanishi bilan parklar qayta ochildi. “Amerika ovozi” bir necha oy davomida Vurderislar oilasini kuzatib, ularning og’ir mehnat evaziga attraksionlarni qayta qurganiga guvoh bo’ldi.


Atlantika okeani bo’yidagi Koni Aylend yarimoroli bir asrdan beri o’yin-kulgi maskani hisoblanadi.

Biroq 29-oktabr Vurderislar oilasi uchun dahshatli kun bo’ldi. Attraksionlar butunlay suv ostida qoldi.

Yuz yildan buyon ishlab turgan Mo’jizalar g’ildiragi va 1955-yilda qurilgan Arvohlar uyi bir zumda yaroqsiz holga keldi.

“Bu yerga kelsak, hammasi xarob bo’lgan ekan. O’lim bilan yuzlashgandek bo’ldik”, - deydi oila vakillaridan biri.

Deno Vurderis bu oilaviy biznesning uchinchi avlod boshqaruvchisi.

“O’limga o’xshatishimning sababi bularning aksariyati uzoq tarixga ega”, - deydi u.

Vurderislar oilasi hammasini qayta qurishga va ta’mirlashga qaror qildi.
Deno birga katta bo’lgan besh do’sti bilan kechayu kunduz ishladi. Otasi Stiv Vurderis ularga rahbarlik qildi.

“Yigit kishi qiladigan ishlar bular. Hammasini eplaymiz”, - deydi Deno.

Stivning akasi Dennisga jihozlarni tashish va moliyaviy masalalar yuklatildi. Tuzatish va yangi qurilmalar uchun katta qarz olishga to’g’ri keldi, deydi u.

“Bu yerda 70-80 yil turgan jihozlarni suv ostidan topib, ularni qayta ta’mirlab bo’lmasligini tushunish ishimizning eng og’ir qismi edi. Tashlab yuborishga jur’at etish juda qiyin”, - deydi Dennis.

“Buni ta’mirlashning imkoni bor, shekilli. Luis, mana buni tashlab yuborma. Ko’raylikchi, nima qila olarkanmiz”, - deydi oila rahbari Stiv.

"We might be able to fix this. Louis! Don’t throw this guy out, okay? We’re gonna bring him in the shop and see what we can do with him.”

Uch oylik og’ir mehnat natijasida Mo’jizalar g’ildiragi yap-yangidek qayta bunyod etildi. “Arvohlar” ham ta’mirlandi yoki yangilari o’rnatildi. Vurderislar oilasi parkning ochilishiga tayyor.

“Bir-ikkita eski attraksion bor, lekin aksariyati yangi. Yangi texnika, jihozlar, yangi “arvohlar”. Xullas, yozda bu yerga kelsangiz juda ko’p yangi narsalarni ko’rasiz”, - deydi Deno.

Mart oyida orzular ro’yobga chiqdi. Parkning ochilish marosimiga ko’plab martabali mehmonlar va nyu-yorkliklar tashrif buyurdi.

Vurderislar birinchi kun bepul xizmat ko’rsatdi.

“Juda baxtiyorman. Hammasi biz o’ylagandek yaxshi bo’ldi. Barcha attraksionlar ishlayapti. Mo’jizalar g’ildiragi odamlar bilan to’la. Bundan yaxshiroq bo’lishi mumkin emas”, - deydi Deno.

Bugun “Sendi” dovuli asoratlarining izini topish qiyin. Xursandchilikning hammasi shu yerga ko’chib kelgandek.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG