AQSh: Yamandagi voqealar Eron bilan muzokaraga ta'sir qilayotgani yo'q

  • Amerika Ovozi

Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar

Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar

AQSh Davlat departamentiga ko'ra, Arab Ligasining mintaqada Eron tahdidi va ekstremizm ta'siriga qarshi qo'shma armiya tuzish qarori Tehron bilan yadro dasturiga doir muzokalarga halaqit berayotgani yo'q.

"Agar yadroviy bitim qabul qilinsa, Yaqin Sharqda Eronning buzg'unchi harakatlarining oldi olinadi", - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Meri Xarf.

Unga ko'ra, mintaqa qator muammolarga yuz tutib turgan bir paytda Eronni yadro qurolini yaratish yo'lidan diplomatik vositalar bilan qaytarish juda muhim.

Yamanda shia hutiylarga qarshi havo hujumlariga bosh bo'lgan Saudiya Arabistoni Eronni hutiylarga Hadi hukumatini ag'darishga yordam berganlikda ayblamoqda.

Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Bryus Ridlning aytishicha, arab davlatlari birgalikda harakat qilsa-da, o'tmishda harbiy sohada bir ishni eplay olmagan.

Bugun Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralarning so'nggi kuni. Eron va olti davlat bir yarim yildan beri dasturni cheklashga qaratilgan bitim imzolash harakatida. Tehrondan yadro quroli yaratish niyati yo'qligini isbotlash so'ralmoqda.

Shveysariyaning Lozanna shahrida muzokara qilayotgan diplomatlar kelishuv erishilishiga ehtiyotkorlik bilan umid bildirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga ko'ra, ayrim qiyin masalalarni hal qilish oson kechmayapti. Eron bosh muzokarachisi Abbos Araqchi bugun yoki ertaga bir to'xtamga kelishimiz mumkin, demoqda.

Muloqot bungacha ikki bor olti oyga cho'zilgan edi. Tehron unga qo'yilgan xalqaro sanksiyalarning bekor qilinishiga umid bog'lagan.

AQShda o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 59 foizi hukumatning Eron yadro faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatini, bu boradagi muzokaralarni qo'llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG