AQSh rasmiysi: Islom va zo'ravon g'oyalar o'rtasida farqni tushunish muhim

  • Amerika Ovozi

AQShning musulmon jamiyatlar bilan ishlovchi maxsus vakili Farah Pandit

AQShning musulmon jamiyatlar bilan ishlovchi maxsus vakili Farah Pandit

AQShning musulmonlar bilan ishlovchi maxsus vakili Farah Panditning aytishicha, musulmonlar ba’zan haqiqiy Islom va ekstremist g’oyalar o’rtasidagi farqni anglashda qiynaladi. Dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida musulmonlar bilan uchrashgan rasmiy zo’ravon g’oyalar yo’lini to’sa oladigan siyosat ishlab chiqish lozimligini aytadi.

“Amerika ovozi” bilan suhbatda u shu mavzuda fikr yuritdi.

Farah Pandit 2009-yil AQSh Davlat departamentining musulmon jamiyatlar bilan ishlovchi maxsus vakili etib tayinlangan. Shundan beri butun dunyoni kezib, musulmonlar bilan aloqa olib boryapman, deydi u.

“Davlatimiz haqida odamlar nima deyapti? Fitna nazariyalari, amerikaliklar haqidagi har xil fikrlar qay darajada yoyilgan? AQSh hukumati rasmiysi sifatida mavjud noto’g’ri qarashlarni fosh qilishim muhim”, - deydi u.

Pandit Hindistonning Kashmir hududida tug’ilgan. Sakkiz yoshida onasi bilan AQShga kelgan. U bu yerda o’z diniga erkin e’tiqod qilib ulg’ayganini aytadi.

“Dunyoning eng rang-barang musulmonlari aynan Amerikada yashaydi. Bu o’lkada siz o’z e’tiqodingizdan faxrlanib yashashingiz mumkin. Davlatimizda masjidlar, sinagogalar, cherkov va boshqa ibodatxonalar yonma-yon joylashgan. Bu shunchaki quruq gap emas. Amerikada hamma shunday yashaydi”, - deydi Pandit.

Rasmiyga ko’ra, musulmonlar yuzlashayotgan muammolar ham yo’q emas.

“Mavjud tahdidlar nimalardan iborat? - deya so’raydi u. – Nimalar qilishimiz kerak? “Al-Qoida” va unga o’xshash boshqa guruhlarning zo’ravon g’oyalariga to’siq bo’la oladigan ovozlarni qanday topamiz? Shu savollarga javob topishimiz kerak. Islom dini va undan o’z maqsadlarida foydalanadiganlar yoki uni zo’ravonlik vositasiga aylantirayotganlar o’rtasida farq bor. Juda katta farq bor. Bu farqni qanday tushuntirib bera olamiz? Mana shularning barchasini hisobga olgan holda fuqarolik jamiyatini oyoqqa turg’izadigan tashabbuslar ishlab chiqyapmiz”.

Farah Pandit noto'g'ri qarashlarga asoslangan tushunmovchiliklar bois ayrim musulmon o’lkalarida AQSh salbiy qiyofada namoyon bo’layotganini ta’kidlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG