Breaking News

Yo'q bo'lib ketdi degan kasallik, qizamiq, qaytgan


Yo'q bo'lib ketdi degan kasallik, qizamiq, qaytgan
Yo'q bo'lib ketdi degan kasallik, qizamiq, qaytgan

Yaqingacha shifokorlar qizamiqni tag tugi bilan bartaraf etdik deya bon urayotgan edi. Lekin bugunga kelib kasallik Yevropa davlatlari, Afrikaning g’arbi va Osiyoning bir necha mamlakatida avj olgani ma’lum.

Virus nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarda balki boy, sanoatlashgan davlatlarda ham tarqala boshlagan. Dori darmon yetarli, sog’liqni saqlash tizimi yaxshigina rivojlangan Fransiyada ham qizamiq dolzarb muammo.

Qizamiqqa qarshi xalqaro miqyosda kurashuvchi tashkilot vakili Andrea Gey bugungi holatni tushuntiradi:

“Rivojlanmagan mamlakatlarda vaksina yetarli emasligi bois ko’pchilik bolalar emlanmaydi. Rivojlangan davlatlarda esa bunday muammo yo’q, lekin odamlar vaksinaga jiddiy qaramaydi”, - deydi u.

Virus keng tarqalishining oldini olish uchun birinchi navbatda bolalar shifokorlari va hukumat hushyor turishi kerak, deydi doktor Andrea Gey.

Yosh bolalarni doim nazorat qilish kerak. Agar vaqtida e’tibor qaratilmasa, qizamiq ko’zning ko’r bo’lishiga, miyaning ishib ketishiga sabab bo’lishi mumkin. Har kuni virus 450 bolani hayotdan olib ketadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti yillar davomida bu ofat haqida ogohlantirib keladi. Qizamiqni yengish, o’lim hollarini kamaytirish asosiy maqsadlardan.

2008 yilda dunyo bo’ylab maqtansa arziydigan natijalarga erishganmiz. Hindistondan tashqari barcha mamlakatlarda qizamiqdan o’lish hollari 90 foizga kamaygan edi. Hindistonda endi aholi soni juda katta, shu bois kasallikdan jon berayotganlar soni ham katta”,- deydi Andrea.

Mutaxassislar qizamiqni tag-tugi bilan yo’qotishning imkoni bor deb aytadi. Virus bilan dunyoning barcha qismida teng kurash olib borish kerak.

Vaksinaning o’rtacha narxi 1 AQSh dollariga teng. Hukumatlar bu yo’lda hamkorlikka zo’r bersa, yuz minglab odamning hayoti saqlab qolinadi, deydi shifokor Andrea Gey.

“Ko’pchilik odamlar nazarida qizamiq eski kasallik. Jiddiy e’tibor berishmaydi. Aslida har qanday virusdan ehtiyot bo’lish kerak. Yoshligingizda unga qarshi emlanmaganmisiz, demak siz ham himoyalanmaganlar qatoridasiz”,- deydi shifokor.

Agar kelasi 3 yil davomida qizamiq virusiga qarshi kurashga 212 million dollar sarflansa, 2020 yilga borib kasallikni tamoman bartaraf qilish mumkin bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG