Breaking News

Amerikada oilaviy restoranlar uchun biznes yomon emas


"Primo Family" restoranida, Aleksandriya, Virjiniya shtati
"Primo Family" restoranida, Aleksandriya, Virjiniya shtati
Inqirozdan chiqishga harakat qilayotgan Amerikada kichik bizneslar og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda.

Restoran biznesi Amerikada juda rivojlangan bo’lib, odamlar hammaga yaxshi tanish, katta joylarda taom yeyishga odatlangan. Kichik hajmdagi, oilaviy oshxonalar-chi?


Virjiniya shtatining Aleksandriya shahridagi “Primo Family” restorani gavjum joy bo’lib, mijozlarga 25 yildan beri xizmat ko’rsatadi.

Ulardan birining aytishicha, oilaviy kafelar yirik va tarmoqlashgan restoranlardan yaxshidir. Taomlar yangi keltirilgan mahsulotlardan tayyorlanadi.

Tina Mitrakas restoran ochilganidan beri unda ofitsiant bo’lib ishlaydi.

"Mijozlarimni yaxshi ko’raman. Hammasi xushmuomala. Hamkasblarim ham ajoyib. Bu joy ikkinchi uyimday", - deydi Tina.

Linn Seppl bu yerda o’g’li Nikning tug’ilgan kunini nishonlamoqda.

"O’g’lim olti kunlik bo’lganidan beri “Primo Family”ga har hafta kelib turamiz. Bugun esa 10 ga to’ldi", - deydi Linn.

Meri Vays ismli mijozning ham ishdan so’ng oshxonaga yo’li tushib turadi. Meri aktrisa bo’lib, Amerikaning ilk prezidenti Jorj Vashington uy-muzeyida uning rafiqasi Martaning rolini o’ynaydi. “Primo Family” juda ham shinamgina, deydi u.

"Bu yerda doim mazali va qimmat bo’lmagan taom bilan siylashadi. Ovqat sifati ham, narxi ham hayratga solmaydi. Odamlarga shunisi kerak", - deydi Meri.

Uning aytishicha, restoran egasi Jim Nikopolis ham odamni o’ziga tortadi.

"Mijozlar bilan suhbat qurishni yaxshi ko’raman. Ular haqida o’rganishga harakat qilaman. Xo’randa va xizmatchilar bilan doim aloqa qilib turish kerak", - deydi Jim.

Uni hamma Jimmi deb chaqiradi. Shu jumladan unga ko’p yillardan beri homiylik qilayotgan Savoy va rafiqasi ham.

"Jimmi bilan bir oiladekmiz. Joysni ona, meni esa ota deb chaqiradi", - deydi Savoy.

Jimmi “Primo Family”ni besh yil oldin sotib olgan. Haqiqiy oilaviy restoran. Buni devordagi suratlardan, qaynotasining homiylar bilan g’ala-g’ovuridan, oila a’zolaridan birining grekcha ovqat tayyorlayotganidan bilsa bo’ladi.

"Primo Family" restorani taomlari
"Primo Family" restorani taomlari
"Jimmi ajoyib yigit. Oshxonaga kelib, men pishirgan taomlarni totib turadi", - deydi Spiro Rutulas.

"Sifatini tekshiraman. Bu – grekcha uslub", - deya javob beradi uning gapiga Jimmi.

Mazali ovqatlar va do’stona muhitdan tashqari bu joyning yirik restoranlardan yana bir ustunligi bor, deydi Jimmi.

"Katta oshxonalar masalliq, mahsulotlarni katta joylardan, distribyuterlardan olishadi. Biz esa hammasini shu yerning o’zida olamiz", - deydi Jimmi.

Buning farqiga yetgan Elizabet Bessel yirik restoranlarga bormaslikka harakat qiladi.

"Taom u yerda unchali mazali emas. Bu yerda esa Jimmi yonimizga kelib, nimani qaysi xo’jalikdan olganini birma-bir so’zlab beradi", - deydi Elizabet.

Jimmining aytishicha, bu mahallada hammaga joy yetadi. Kichik oilaviy kafelarga ham, katta restoranlarga ham.

"Oshxonamiz 25 yildan beri ishlayotgan bo’lsa, doim shunaqa xilma-xillik bo’lgan", - deydi homiy Savoy.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG