Suriya bois Anqara-Vashington munosabatlari yanada taranglashgan

  • Amerika Ovozi

Anqarada yuz bergan portlash Turkiya hukumati va isyonchi kurdlar o'rtasidagi ixtilofni yanada kuchaytirdi. Ayni paytda Anqaraning AQSh bilan aloqalari ham sovuqlashmoqda. Bu orada Assad kuchlari Halab shahriga hujumlarni davom ettirmoqda.

Anqaraning markazida yuz bergan xuruj mamlakat rahbarlarini g'azab otiga mindirdi. Hodisada kurd jangarilarini ayblagan Prezident Rajab Toyib Erdog'an jinoyatchilarga munosib javob berilishini aytdi.

"Bu guruhlar xurujga aloqasi bo'lmaganini da'vo qilayotgan bo'lsa ham, ichki ishlar va razvedka idoralari qo'lga kiritgan ma'lumotlarga ko'ra, portlash ortida aynan ular turibdi", - dedi Turkiya rahbari.

Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan tuzilgan sulh buzilgandan beri janubi-sharqiy Turkiya hududi isyonchilarga qarshi urush maydoniga aylandi.

Anqara kurashni Suriya hududiga ham olib kirdi. Turkiya Suriya kurdlari manzillarini tanklardan o'qqa tutmoqda.

"Erdog'an, odatda, bunday amaliyotlarni amalga oshirish uchun birovdan ruxsat so'rab o'tirmaydi. Ammo portlashlar uning foydasiga ishlamoqda", - deydi Henri Jekson jamiyati tadqiqotchisi Deyvis Levin.

Kurdlarga qarshi amaliyotlar AQSh va Turkiya aloqalariga putur yetkazmoqda. Har ikki tomon "Islomiy davlat"ni yakson qilib, Suriya rahbari Assadni hokimiyatdan ag'darish masalasida hamfikr.

Ammo kurdlar mavzusida qarashlari farqli. Turkiya Suriya kurdlarini Turkiyadagi kurd terrorchi guruhi bilan hamkorlikda ayblasa, Vashington ulardan "IShID"ga qarshi kurashda foydalanmoqda.

"Suriyada Anqara uchun asosiy dushman bu Assad rejimi. Ikkinchisi kurd mudofaa guruhlari. Shimoliy Suriya hozir ular nazoratida. Turkiya va AQShning Suriyadagi qarashlari shu yerda farqlanadi", - deydi tahlilchi Metin Gurjan.

Turkiya rahbari g'azabini yashirmayapti.

"Ey Amerika, buni senga necha marta tushuntirishimiz kerak? Biz tomondamisan yoki terrorchi kurd tashkilotlari tomonidami?" - deya so'raydi Erdog'an.

Suriya inqirozini hal qilishdek muhim bir pallada Vashington va Erdog'an o'rtasida kelishmovchilik yanada keskinlashgan. Halab shahri ustidan kechayotgan janglarda esa kurdlarning ishtiroki muhim. Ammo Turkiya ularning nufuzi ortishini istamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG