Yazidiylar Obamadan Iroqqa yordamni oshirishni so’ramoqda

  • Amerika Ovozi

Iroqdagi diniy jamoalardan biri, yazidiylar taqdiri dunyo jamoatchiligi diqqatini o’ziga tortmoqda. Yazidiylar e’tiqodi zardushtiylikka borib taqaladi. Minglab yazidiylar jangarilardan qochib, tog’larda kun kechirmoqda.

AQSh harbiylari ularga tonnalab oziq-ovqat yetkazgan. Iroq shimolini bosib olgan jihodchilar ozchilikdagi guruhlarni islom diniga o’tishga majburlayotgani, bosh tortganlarni o’ldirayotgani haqida xabarlar bor. Xo’sh, AQShdagi yazidiy jamoasi Obama ma’muriyatidan nima kutayapti?

Yazidiylar Sinjar tog’larini sekin-asta tark etayapti. AQSh va Iroq havo kuchlari jangarilarni nishonga olishi natijasida ba’zi yo’llar ochilgan.

Xolid Haydar Amerikada yashaydi. Uning Iroqdagi oila a’zolari ham tog’larda bir hafta qiynalib kun kechirgan.

“Jiyanim bilan telefonda gaplashdim. Bizga yordam bering, olib keting, deb yolvordi. Qochqinlar orasida bolalar ko’p. Akam oilasi bilan o’sha yerda”, - deydi u.

Haydar mahalladoshlari bilan yaqinda Oq uy oldida namoyishga chiqdi. Qo’shma Shtatlar sunniy jangarilarga qarshi havo hujumlarini amalga oshirgani, qochqinlarga oziq-ovqat yetkazganidan ular minnatdor. Ammo Vashingtondan yanada ko’proq yordam so’rashmoqda.

Obama ma’muriyati Kurdiston avtonomiyasiga, peshmerga deya tanilgan mahalliy jangchilarga yengil qurollar uzatmoqda. Biroq og’ir aslaha berish borasida bir qarorga kelmagan, deydi siyosatshunos Jastin Logan.

“AQSh Iroqni yaxlit davlat sifatida ko’rishni, markaziy hukumat bo’lishini istaydi. Shuning uchun alohida guruhlarga qurol tarqatish bu tamoyilga zid deb ko’rilishi mumkin”.

Kurdlar anchadan buyon mustaqillik istab keladi. Xolid Haydar fikricha Iroq allaqachon bo’linib ketgan.

“Kurdlar bir tomonda. Jangarilar o’rtada. Shialar janubda. Jabr ko’rayotgan kim? Mana bizga o’xshaganlar”, - deydi u.

Obama ma’muriyati Iroqdagi ahvolni yaqindan kuzatib, vaziyatga qarab ish tutayapti. Bir narsa aniq, deydi Jastin Logan. Iroqqa qo’shin tortish haqida gap bo’lishi mumkin emas.

“Amerikalik askarlar Iroqda jang qilmaydi, deb prezident boshidan aytib kelmoqda. Chunki biladiki, urushda talofatlar bo’lishi, yaralanishi turgan gap. Natijada AQSh mojaroga chuqurroq tortiladi. Havo hujumlari, nazarimda, eng samarali usul”.

Oq uy oldida to’plangan iroqliklar “do’stu-birodarlarimiz xavfsiz joyga yetib olishi uchun chora ko’ring” deya da’vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG