Yosh amerikaliklar bu safar kimga ovoz beradi?

  • Amerika Ovozi

Amerikada 2008-yilgi prezidentlik saylovlarida yoshlar faol qatnashib, Barak Obamaning respublikachi Jon Makkeyn ustidan g’alaba qozonishida muhim rol o’ynagan.


Oradan to’rt yil o’tib, bugun mamlakat bo’ylab kollej va universitetlarda o’sha g’ayrat, o’sha ishtiyoq sezilmaydi.

Merilend Universitetida yosh demokratlar saylovchilarga qo’ng’iroq qilib, ularning fikrini o’rganmoqda. Saylov natijasini hal qiladigan muhim shtatlar bor. Merilend shtatida odamlar ko’proq demokratlarga ovoz beradi.

Ommaviy so’rovlar shuni ko’rsatmoqdaki, yoshlar bu galgi saylov kampaniyasida aktiv qatnashmayapti. Ammo Demokratik partiyaning yoshlar qanoti targ’ibotni kuchaytirgan.

“Bir-biridan yer bilan osmoncha farq qiladigan ikki shaxs oliy lavozimga da’vogarlik qilayotganda, chetda befarq qarab tura olmaysiz”, - deydi yoshlar harakati yetakchisi Tayler Grout.

Prezidentlikka nomzodlar o’rtasida kechgan ilk debatni Merilend talabalari jamul-jam bo’lib, birgalikda tomosha qilishdi. Yosh respublikachilar harakati yetakchisi Karolin Karlson iqtisodiyotda gap ko’p deydi.

“2008-yilda o’zgarish qilamiz deb Obamani dabdaba bilan saylashgandi. Hozir esa o’qishni bitirayotganlarga ish yo’q. Adashmasam, 20-24 yoshlilar orasida ishsizlik 14 foizga teng”, - deydi u.

Respublikachilar partiyasi iqtisodiy tanazzulni pesh keltirib, to’rt yil oldin Obamaga ergashgan yoshlarni o’ziga qaratishga urinmoqda. Vitse-prezidentlikka nomzod Pol Rayan Florida shtatida o’tgan qurultoyda ularga murojaat qildi.

“Bitiruvchilar qachongacha Obamaning rangi o’chgan plakatlariga tikilib o’tirishadi? Oldinga qarab yurish vaqti keldi. Xomxayolga berilib o’tirmang”, - deydi u.

Prezident Obama ham o’nlab o’quv yurtlarida mehmon bo’ldi. O’qish uchun olinadigan qarz foiz stavkalarini pasaytirish haqida so’zladi.

“Bu safar ham menga ovoz bersangiz, albatta g’alaba qilamiz. Ogayo demokratlar tomonida bo’ldi. Boshlagan ishlarimizni bitkazamiz”, - deydi prezident.

Amerikada yosh qiz-yigitlar odatda demokratlarga ovoz beradi. Xezer Smit saylovchilarni ro’yxatga olish maqsadida o’quv yurtlarida rok konsertlar tashkil etish bilan shug’ullanadi. Uning aytishicha, endigina 18 ga to’lganlar to’rt yil oldingi saylovchilardan farq qiladi.

“2008-yilgi tarixiy jarayonni takrorlash oson bo’lmaydi. Nomzodlar bu yoshlarni o’ziga ergashitira olishi, ishontira olishi, saylovga chiqishga ko’ndira olishi kerak”.

Xezer Smit deydiki, yoshlar saylov kampaniyasini bu safar yaqindan kuzatmadi. Ammo 6-noyabr yaqinlashgan sari e’tibor birmuncha oshgan.



  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG