Yil sarhisobi: G'arb yadro masalasida Eron bilan til topishdi

  • Amerika Ovozi

Eronliklar Jenevadagi muzokaralardan qaytgan delegatsiyani prezident suratlari bilan kutib oldi. 24-noyabr 2013-yil.

Eronliklar Jenevadagi muzokaralardan qaytgan delegatsiyani prezident suratlari bilan kutib oldi. 24-noyabr 2013-yil.

2013-yil Eron uchun jiddiy o’zgarishlar davri bo’ldi. Mamlakatda mo’tadil qarashlarga ega prezident saylandi, xalqaro hamjamiyat bilan yadro dasturini cheklash haqida shartnoma imzolandi. Ammo mutaxassislar fikricha, o’zgarishlar naqadar jiddiy va davomli ekani 2014-yilda ayon bo’ladi.


Noyabr oyida dunyoning qudratli davlatlari Tehronning yadroviy dasturini cheklash va iqtisodiy sanksiyalarni biroz yengillashtirishga kelishib oldi.

Atigi bir yil oldin prezident Mahmud Ahmadinejod G’arbni keskin tanqid qilib, yadroviy tadqiqotlarni hatto muhokama qilishdan bosh tortayotgan edi. Vaholanki, iqtisody sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga qimmatga tushmoqda.

Yozgi prezident saylovlarida hukumatda uzoq yillar ishlagan 64 yoshli siyosatchi Hasan Ruhoniy g’alaba qildi. Mamlakat oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy uning yangicha yondashuvini qo’llab-quvvatlashini bildirdi. Noyabrga borib Jenevada muhim kelishuvga erishildi.

“Bu albatta olamshumul o’zgarish, lekin hodisalarga o’ta katta umid bog’lashga shoshilmaslik kerak”, - deydi amerikalik sobiq diplomat Richard LeBaron.

“Eron haqiqatdan ham yangi yo’ldan borishga qaror qildimi? 2014-yilda buni bilib olamiz. Hozircha esa ular strategiyani emas, faqat taktikani o’zgartirdi deb o’ylayman”, - deydi suhbatdosh.

LeBaron fikricha, mamlakatda keskin qarashdagi siyosatchilar bilan mo’tadil kuchlar orasidagi ziddiyatlar yana chuqurlashishini kutish mumkin.

Ko’pgina mutaxassislar Eron rahbariyatining biz atom quroli yaratmoqchi emasmis, degan bayonotlariga ishonmaydi. Ular va’da berib vaqt yutmoqchi hamda sanksiyalarning yumshatilishiga erishib, aholi orasida norozilikni kamaytirmoqchi, deydi ekspertlar.

Bu fikrning naqadar to’g’riligini Tehronning keyingi qadamlaridan ko’ramiz, deydi Londondagi Strategik tadqiqotlar institutidan tahlilchi Mark Fitspatrik.

“Ular AQSh talab qilayotganidek uzoq muddatga yadro dasturini to’xtatib qo’yishga tayyormi? Bo’lajak muzokaralarda asosiy e’tibor shunga qaratiladi”, - deydi u.

Muzokaralar olti oyda yakunlanishi kerak. Hatto kichik siljish ham Yaqin Sharqdagi vaziyatni ijobiy tarafga o’zgartirishi va G’arb bilan Tehron o’rtasida hamkorlikka asos solishi mumkin, xususan Suriya masalasida. Ammo muzokaralar boshi berk ko’chaga kirsa, kelasi yillarda ziddiyat kuchayadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG