Breaking News

AQSh: O'zbekiston diniy erkinlik bobida alohida xavotirga molik davlat


AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

Yangi yil boshlanar ekan, AQSh Davlat departamenti e'tiqod erkinligi bobida xalqaro tahlilini e'lon qilib, ayrim davlatlarni eng qo'pol huquqbuzarlar deya uyaltirmoqda. Ular orasida O'zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston ham bor.

Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Nauertning aytishicha, Tramp ma'muriyati diniy erkinlik va huquqlarni hurmat qilishni va ularni himoya qilishni ustuvor vazifalardan biri deb biladi. Oldingi rahbarlar ham shunday der edi.

Diniy erkinlik bilan bog'liq vaziyatni kuzatuvchi komissiya bu borada har yili o'z hisobotini Kongress va boshqa organlarga uzatadi. Unda har bir davlatdagi ahvol tahlil qilinib, hamkorlikni kengaytirish yoki uni cheklash va qanday choralar ko'rish mumkinligi haqida o'z tavsiyalarini beradi.

O'zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda, deya bayon qilgan edi bu komissiya o'zining 2017-yildagi hisobotida, erkinlikni targ'ib qiluvchi dasturlarni ko'paytirish kerak, jumladan, "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" singari axborot vositalarining efir vaqtini oshirishib, inson huquqlariga doir masalalarni kengroq yoritish lozim.

1998-yilda Kongressda qabul qilingan qonunga ko'ra, Davlat kotibi diniy huquqni buzayotgan hukumatlarni qanday jazolash yuzasidan o'z takliflarini berishi va bu davlatlar ro'yxatini chiqarishi kerak.

Mobil-salom: O’zbekistonda e’tiqod erkinligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00

Davlat kotibi Reks Tillerson 2017-yilning oxirgi kunlarida Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Sudan, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkmaniston, va O'zbekistonni Alohida Xavotirga Molik Davlatlar deb e'lon qildi. Pokiston esa maxsus kuzatuvdagi davlat, deydi u, bu mamlakatda ham ahvol chatoq.

Bu maqomdagi hukumatlar, qonunga binoan, sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin. Lekin Barak Obama prezidentligi davrida O'zbekiston va Saudiya Arabistoni singari davlatlar AQSh xavfsizligini ta'minlashda sheriklik qilmoqda, deya cheklovga uchramagan. Prezident Tramp ham shu yo'ldan borib, sanksiya qo'yilmasin, deya farmon chiqarsa ajab emas.

Ro'yxatdagi mamlakatlarda hukumatlar muammoni ozgina bo'lsa-da tan olib, vaziyatni tuzatish uchun harakat qilmoqda. O'zbekistonda, masalan, ancha siljish bor, deydi diplomatlar, lekin hozircha bu respublika ro'yxatda qoladi. E'tiqodi uchun jazolanayotganlar ko'p. Dindorlik tahdid sifatida ko'riladi. Amerika hamkorlikka tayyor, nafaqat hukumat, balki nohukumat tashkilotlar, diniy yetakchilar va muassasalar bilan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG