O'zbekiston parranda grippi bilan kurashga 48 million so'm ajratdi


O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligining sanepidnazorat departamenti boshlig'i Saidmurod Saidaliyevga ko`ra, mamlakatda bu kasallik odamlar orasida ham, parrandalar orasida ham hozircha qayd etilmagan.

“O`zbekiston hududining bir qismidan qushlar uchib o`tishi aniqlangan. Hozirda ular uchib o`tib ketgan, lekin bahorda qaytish ehtimoli bor. Bu kasallik, asosan, yovvoyi qushlarning najasi bilan tashqi muhitga chiqadi va shu orqali yuqishi mumkin," dedi Saidmurod Saidaliyev.

Hozirgi kunda Ovchilar jamiyati Tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi bilan hamkorlikda respublikadagi barcha ochiq suv havzalarini nazorat ostiga olgan va u yerda yovvoyi qushlar orasidagi o`lim holatlari yuzasidan monitoring tashkil etilgan.

"Albatta," deb fikrini davom ettiradi Saidmurod Saidaliyev, "uchib yurgan qushni tekshirsangiz, undan hech narsa chiqmaydi, buning uchun biror g`ayrioddiy holat bo`lishi kerak. Masalan, qushlar to`planadigan joyda ko`plab o`lim holatlari qayd etiladigan bo`lsa bu erda bir ko`ngilsizlik sodir bo`lgan bo'ladi, uni darhol laboratoriyada tekshiruvdan o`tkazish kerak. Hozircha, olingan xabarlarga va monitoring natijalariga ko`ra, bizda bu narsa qayd etilmagan.”

Departament rahbariga ko`ra, Turkiyada parranda grippi bilan bog`liq vaziyatning keskinlashishidan so`ng O`zbekiston hukumati tomonidan maxsus choralar ko`rilgan.

"Yanvar oyida Respublika Vazirlar Mahkamasi qoshidagi respublika epidemiyaga qarshi kurash komissiyasining favqulodda yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda, jumladan, Turkiyadagi vaziyatning O'zbekistonda takrorlanmasligi va kasallikning respublikaga kirib kelmasligi uchun qo`shimcha chora-tadbirlar belgilandi."

Ana shu qarorga ko`ra, deydi Saidaliyev, Sog`liqni saqlash vazirligiga dezinfeksiya moddalarini xarid qilish uchun qo`shimcha 48 million so`m mablag` ajratildi. Hozirgi kunda Istanbuldan kelayotgan reyslarga e'tibor berilyapti. Istanbuldan bir haftada Toshkentga yettita samolyot qatnaydi. Har bir reys sanepidnazorat punktlari xodimlari tomonidan kutib olinadi va yo`lovchilarning salomatligi tekshirilgach, ularga kirishga ruxsat beriladi. Samolyotlarni dezinfeksiyalash ishlari ham yo`lga qo`yilgan, deb ma'lumot beradi O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligining sanepidnazorat departamenti boshlig'i.

Unga ko`ra, agar xavfli vaziyat yuzaga kelsa, 1-2 soat ichida aniq tashxis qo`yish imkoniyati bor. Parranda grippi bilan bog`liq ayni paytdagi vaziyatga ko`ra parranda grippi an'anaviy gripp bilan odam tanasida birikadigan bo`lsa, odam sog`lig`i uchun xatarli bo`lgan vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin. Shu munosabat bilan dunyoda an'anaviy grippdan emlash choralari ko`rilmoqda.

Saidmurod Saydaliyevning aytishicha, O`zbekistonda ikki yuz ellik mingdan oshiq kishi emlangan. Emlash aholining ijtimoiy xatarligi darajasiga qarab o`tkazilgan.

Mamalakat ommaviy axborot vositalarida parranda grippiga oid vaziyat haqida chiqishlarga o`rin berilmoqda. Aholi o`rtasida tovuq go`shtining iste'moli kamaygani sezilmaydi. Ayrim aholi vakillari parranda grippi haqida eshitmaganlarini ham urg`ulashadi.

Ularning biri “O`zbekistonda bu narsa yo`q. Kech televideniyeda ham aytishdi parranga go`shtini yeyaverish mumkin deb” desa, boshqasi “Bizning chegaralarimiz mustahkam, o`tmasligiga ishonsa bo`ladi” va yana boshqasi “Tovuqlar avval ham kasal bo`lardi, qalampir bilan davolardik. Biroq parranda grippi haqida eshitmaganman” deydi.

Ayni paytda O`zbekiston bir qator parranda grippi tahdidi bor deb ko`rsatilayotgan mamlakatlardan tovuq go`shti, un va boshqa shu kabi mahsulotlar import qilishni ta'qiqlab qo`ygan.


Mutaxassislar erta bahorda qushlar qatnovining boshlanishi O`zbekistonda parranda grippi tahdidini kuchaytiruvchi palla ekanligiga urg'u berishmoqda.

XS
SM
MD
LG