O'zbekiston TV: Vatanga qaytgan andijonliklar hayotdan xursand


O`zbekiston ommaviy axborot vositalari AQShdan qaytgan, BMT tomonidan qochqin maqomiga ega 12 andijonlik vatanda ekanidan mamnun, deb yoritmoqda. Huquq himoyachilariga ko`ra esa, avvaldan kutilgan bu targ’ibot hukumat tomonidan rejalashtirilgan siyosiy o`yinlardan biridir.

O`zbekiston televideniyesining “Axborot” dasturida va boshqa mahalliy axborot vositalariga ko`ra, AQSdan qaytgan andijonlik qochqinlar inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning g`arazli maqsadlari qurbonlari bo`lishgan. Ular turli aldov yo`llari bilan vatanlaridan olib chiqib ketilgan va bugun vatanga qaytgach o`z pushaymonliklarini ochiq aytishmoqda.

O`zbekiston televideniyesida AQShdan qaytgan Ibrohimovlar oilasi a`zolariga so`z beriladi. Ularga ko`ra, AQShdagi qadriyatlar o`zbeklarga to`gri kelmaydi, shuning uchun ham vatanga qaytishga qaror qilishgan. Oilaning boshqa bir a`zosiga ko`ra, AQSda ular kutganchalik farovon hayot bo`lmagan.

Matbuotda andijonlik qochqinlar taqdirini yoritishda asosiy urg`u inson huquqlari himoyachilariga beriladi. Qochqinlar, bu matbuot nazarida, G`arb homiyligidagi bu tashkilotlar aldoviga uchragan.

Huquq himoyachilari esa televideniyeda bildirilayotgan e`tirozlarning mavhumligini ta`kidlaydilar. O`zbekiston hukumati ixtiyorida bo`lgan qochqinlar holatini tushunush mumkinligini aytadilar.

Bu haqda andijonlik huquq himoyachsi Shokirjon Mo`minov, huquq himoyachilariga bunday e`tirozlar bildirilishi mavhumlikdir, chunki huquq himoyachilari odatda ularga murojaat qilgan har qanday odamga yordam berishga shay, deydi.

“Huquq himoyachilari ularni gij-gijlagan deyish noto`g`ri. Aslida bu yerda hukumat siyosatini himoyalash, xalqaro jamoatchilik oldida oz`gina bo`lsada o`zini oqlab olishga qaratilgan. Shu bilan O`zbekiston hukumati “bizning tutgan siyosat to`gri edi, mana qochqinlar o`z ixtiyorlari bilan qaytib, tavba qilishmoqda”, deb O`zbekiston xalqi oldida o`zini oqlab olmoqchi”, - deydi Shokirjon Mo`minov.

Shokirjon Mo`minovga ko`ra, vatanga qaytgan qochqinlarga avf berilgan ekan, xuddi shunday avf hozirda Andijon voqealariga daxldorlikda ayblanib qamoqqa tashlangan ko`plab andijonliklarga ham tegishli bo`lishi kerak.

“ Bularni, ko`pgina ota - onalar aytayapti, Andijon voqelariga aloqasi bo`lmagan bolalarni ham qamab yubordi. Aybi bo`lsa isbotlab qamasin, kechirimli bo`lsa, hammasini avf qilsin”, - deydi huquq himoyachisi.

Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, vatanga qaytgan 12 qochqinlarning targ`iboti davom etadi. O`zbekiston hukumati bundan Andijon fojialarini o`zi istagan usulda ko`rsatish uchun foydalanadi. Andijon fojialari tufayli yuzlab qochqinlarning paydo bo`lishidagi vaziyatni o`zgartirishga harakat qiladi.

S`onggi paytda qochqinlar bilan bo`gliq vaziyat Qirg`izistondan besh nafar andijonlikni qaytarilishi va Rossiyadagi 12 nafar o`zbekistonlikni qaytarilishi mumkinligi haqidagi ma`lumotlardan so`ng yanada dolzarblashdi.

Shokirjon Mo`minovga ko`ra Andijon qochqinlari bilan bo`gliq vaziyat hukumatning siyosiy o`yiniga aylanayapti. Chet-eldagi qochqinlarni majburiy qaytarishni lozim topgan davlatlar ham O`zbekiston hukumati siyosatiga qoshilmoqda.

“Qirgiziston ham, Rossiya ham o`z manfaatlaridan kelib chiqib, qochqinlarni qaytarishga qaror qilmoqda, manfaatlarini ko`zlab ish qilmoqda. G`arb davlatlari esa o`z manfaatlaridan kechib, adolatli pozitsiyada turdi. Bu mening shaxsiy fikrim. Sobiq Ittifoq, Rossiya ilgaridan shunday xalqaro jamoatchilik tomonidan ajratib tashlangan davlatlarni qo`llab kelgan. Hozir ham shunday bo`layapti. Bunga ajablanish kerak emas”, - deydi Shokirjon Mo`minov.

XS
SM
MD
LG