Neftni eksport qiluvchi davlatlar ta'minotni kamaytirmoqchi


OPEK, neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti hozircha ishlab chiqarish hajmini kamaytirmaydi. Misrda o’tgan uchrashuvda qora oltin narxini ko’tarish yo’llari muhokama qilingan.

Dunyo iqtisodiyoti zaiflashgan sari talab kamayib, neft bahosi keskin pasaygan.

OPEK davlatlari nazarida neft sanoatiga sarmoya oqimini ta’minlash uchun uning bahosi 75-80 dollar atrofida bo’lishi zarur. Ayni paytda jahon bozorida bir barrel qora oltin narxi 54 dollardan oshiq.

OPEK tashkiloti rahbari Chakib Halil so’zlariga ko’ra tashkilotning 17 dekabr kuni Jazoirda o’tishi kutilayotgan majlisida neft ishlab chiqarish sur’atini kamaytirish to’g’risida qaror qabul qilinadi.

Qatar neft vaziri Abdulla al-Attiyaning aytishicha, neftni eksport qiluvchi davlatlar global moliyaviy bo’hron va uning talab va taklifga ta’sirini kuzatishda davom etyapti.

“Neftning haddan ziyod arzonlashuvi sarmoya oqimini muzlatib qo’yishi mumkin. Sarmoya mavjud neft konlarining barqaror ishlashini ta’minlaydi”, - deydi Qatar rasmiysi.

Jahon bozorida qora oltin o’tgan yildan beri 60 foizga arzonlashgan. Oktyabr oyida OPEKka a’zo davlatlar kunlik ishlab chiqarish hajmini 1,5 million barrelga kamaytirgan edi, biroq bu qaror mahsulot bahosiga sezilarli ta’sir ko’rsatmagan.

XS
SM
MD
LG