Karib inqirozi va Sovuq urush xotiralari


Dunyoni yadro urushi yoqasiga olib kelgan voqealardan biri tarixga “Karib inqirozi” nomi bilan kirgan.

1961 yili Sovuq urush avj olgan pallada Sovet Ittifoqi AQSh biqinidagi Kubaga yashirin tarzda atom qurollarini olib kiradi.

Bundan xabar topgan Kennedi ma’muriyati Florida shtatida maxsus baza barpo etib, o’z raketalarini Kubaga qaratadi.

Hozirda bu makon - "Evergleyds" tabiat qo’riqxonasining bir qismi va sayyohlarga ochiq. Bu yerdan Kuba oroligacha atigi 300 kilometr.

"Raketalar mana shu binoda yig’ilar edi. Harbiy kompleksdan, afsuski, ko’p narsa qolmagan. Devordagi tasvirlar baza xizmatchilari ijodidan", - deydi xizmatchi Leon Xavel.

1970-yillarga kelib xalqaro tanglikni yengillashtirish va qurollanishni cheklash harakatlari amalga oshirildi. Qurol-aslaha olib chiqilib, baza yopildi.

Faqat binolar qolgan xolos. Yaqin atrofdagi poligonlar ham tozalanib, do’kon va qamoqxonaga aylantirilgan.

Veyn Lendri “Nayk” rusumidagi raketa bilan ishlagan xizmatchilardan biri.

"24 soat davomida uzluksiz navbatchilik qilganmiz. Trevoga yangragan zahoti vazifamiz - raketa boshqaruv markaziga yugurish. Quloqchinlarni taqib, osmonni kuzatish. Albatta, AQSh uchuvchilari darhol ishga kirishardi. Biz yerdan ularga yordamchi. Hujumni ular qaytara olmasa, urib tushirish bizning vazifamiz. Lekin bunday holatlar bo’lmagan", - deydi u.

Karib krizisi, ya’ni SSSR va Amerikaning urush boshlash xavfi arafasida ro’y bergan voqealar, harbiy baza tarixini tiklashda poligon xizmatchilarining hikoyalari muhim rol o’ynaydi.

"Harbiy operatsiyalar maxfiylik pardasi ortida amalga oshgani sabab bizga ko’p narsa ma’lum emas. Tafsilotlarni biz bilan bo’lishayotgan faxriylar, sobiq xizmatchilarning o’zi ham cheklangan ma’lumotga ega", - deydi xizmatchi Leon Xavel.

1960-yillarda bu yerda “Nayk” rusumidagi raketalardan 250 tasi joylashtirilgan.

"Albatta, bu yerdagi qurollar xususida hech kim lom-mim demagan. Deyolmasdi ham. Atom bombasi bilan ta’minlangan raketalar o’rnatilgani o’ta maxfiy operatsiya edi. Hozir buni tasavvur etish qiyin", - deydi bazaning sobiq xodimi Lendri.

“Karib inqirozi” davlatlarni yadro quroli masalasida ehtiyotkorona siyosat yuritishga, hatto ularni kamaytirishga majbur etgan.

XS
SM
MD
LG