Xotira va qadrlash kuni faxriylar nigohida


9 may O`zbekistonda Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari, keksalar va nogironlarni yo’qlash, qadrlash kuniga aylangan.

Avval g'alaba kuni sifatida nishonlangan bayram endilikda Xotira va qadrlash kuni deb ataladi.

Shu kuni nafaqat veteranlar, balki ijtimoiy nochor kishilarga e`tibor ko`rsatiladi.

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bayram munosabati bilan urush qatnashchilarini moddiy jihatdan taqdirlashga ko’rsatma berdi.

Poytaxtdagi Motamsaro ona yodgorligi poyiga gulchambar qo`ygan prezident urush va mehnat faxriylarini tabrikladi.

Ular safi siyraklashib bormoqda

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan faxriylar soni hozirda taxminan 12 ming kishi. 2008 yilda urush qatnashchilari 20 mingdan ko`proq bo`lgan, ular soni kamayib bormoqda.

“Yoshi 80-90 da bo`lganlar ham kamayib qoldi, bu tabiatning qonuni. Bir laganda osh tarqatib, faxriyalrni yo’qlash juda qiziq udumga aylanib qolgan. Prezidentning tashabbusi bilan urush qatnashchilariga 120 mingdan moddiy yordam ko’rsatilishi yaxshi. Lekin hali bu pullar qachon beriladi? Bankda pul bormi-yo`qmi? Moliya vazirligi shug’ullansa kerak. Urush xotiralari baribir tarixga kirgan narsa, ittifoq tugaydimi, mustaqil davlatalr paydo bo`ladimi, bu bor narsa. Bu urush million-million odamlarni azobga yo`liqtirdi”, - deydi faxriylardan biri.

Ulug' Vatan urushi, g'alaba kabi atamalar endi yo'q

Avval g’alaba kuni sifatida nishonlangan 9 may 1999 yildan boshlab Xotira va qadrlash kuni sifatida bayram qilinmoqda. Ulug’ Vatan urushi, g`alaba kuni kabi atamalar endi yo’q.
Xotira va qadrlash kuni nafaqat urush qatnashchilari, balki keksalar, nogironlar va ijtimoiy nochor oilalarga hurmat ko`rsatilyotgan kun sifatida qabul qilinmoqda.

Bayram tantanalari, 9 mayning Xotira va qadrlash kabi udumlar bilan boyitilishiga qaramasdan, ayrimlar nazarida faxriylarning ko’ngli to’lmayapti.

Ammo ittifoq hissi so'nmagan

“Vatan insonga nisbatan mehr ko`rsatsa, inson ham vatanga nisbatan mehrini ko`rsata oladi. Lekin boylarniki alohida, kambag`alniki talanadigan bo`lsa, bu hech narsa bermaydi. Kuzatishim bo`yicha, yetmishni qoralagan odamlarda haliyam ittifoq g`oyalari so`nmagan. Chunki bu g’oyalar so’nish uchun uning o’rnini bosadigan g’oya bo`lishi kerak. Bu go`ya hali yaratilgani yo`q. Afsuski, yo`q, men ko`rolmayapman shunday quyoshni”, - deydi faxriy.

O'zbekistonda yolg'iz keksalar va nogironlar ahvoli ayanchli

Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g`ili deydiki, O`zbekiston televideniyesi faxriylar, nafqaqaxo`rlar, nogironlarga ko`rsatilayotgan g`amxo`rlikni keng namoyish etmoqda, biroq ular uchun belgilangan imtiyozlar bekor qilinayotgani haqida hech qanday ma`lumot yo`q.

“Imtiyozlar olib tashlangani, nafaqaning kamligi, narx-navoning ko`tarilayotgani ularning ahvolini qiyinlashtirib qo`ygan”, - deydi huquq himoyachisi.

Uning aytishicha, ayniqsa, nogironlarning huquqlari, imtiyozlari bilan bog’liq vaziyat og`ir, ularga jamiyatdan tashqaridagi qatlam sifatida qaraladi.

“Nogironlar uchun qulayliklar yo`q, masalan transportga chiqishda, davlat idoralariga murojaat qilishda imkoniyatlari cheklangan. Bu ularni tushkunlikka solib qo`ygan. Jamiyatga qo’shila olishmayapti, hukumat buni tuzatish uchun biror ish qilishni xohlamayapti. Nogironlar yakklab qo`yilmoqda, ular kamsitiladi”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.

BMT O`zbekistonda nogironlar bilan ishlash, ularni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan dasturni amalga oshirmoqda. Asosiy maqsad nogironlarga nisbatan jamiyatda mavjud munosabatni o`zgartirish.

Ko'rinmas odamlar

“Bu odamlar ko`p yillab ko`chaga chiqmagan, jamiyatga qo`shilmagan. Ularni jamiyatga olib chiqishning o`zi katta ish. Jamiyatning ularga munosabatini o`zgartirish katta ish. O’zaro muloqot bo’lmagandan keyin, kamsitish bor-yo’qligi haqida ham gapirish qiyin”, - deydi dastur ishtirokchilaridan biri.

O’zbekistonda ijtimoiy yordam, homiylikka keng o`rin beriladi.

Odatda bu ish ixtiyoriy ravishda emas, hokimiyat ko’rsatmasi bilan turli tashkilotlarga yuklanadi

Abdulla Tojiboiy o`g`lining aytishicha, Xotira va qadrlash kunidagi tadbirlar ham istisno emas - mahallada dasturxon bezash tadbirkorlar, tashkilotlar zimmasiga topshirilgan.

Mulohazalarga ko`ra, boylar yoki yirik moliyaviy tashkilotlarning yordami faqat hokimiyat aralashgandan keyin ko`rsatilishi mumkin. Jamiyatda o`zbek boylari ixtiyoriy amalga oshirayotgan tadbirlar deyarli sezilmaydi.

Asosan, nogironlar, yolg’iz kekslar, boquvchisini yo`qotgan bolalar bilan ishlovchi nodavlat tashkilotlar xayriya yordamlariga muhtoj.

“Boy to’y qiladigan bo’lsa, to’yxona atrofi mashinalarga to`lib ketadi, boyning to`yida kambag’alga joy yo’q. Muhriddin (Holiqov) degan qo`shiqchimiz bo`lardi. Fazilatli bola edi. O`g`lining tug’ilgan kunini nishonlab, avtobus bilan borib, nogiron bolalarni olib kelib, chiroyli tadbir qilib berar edi. Bunaqa tadbirlardan mablag`ini ayamasdi. Hozirgi boylar faqat o`zini o`ylaydi yoki yuqoridagilarni to`yg`azish bilan band”, - deydi nodavlat tashkilot rahbarlaridan biri.

Sharhlovchilar nazarida qariyalarga, keksalarga nisbatan munosabat ham o`zgarib bormoqda. Oqsoqol qariyalarning jamiyat hayotiga aralashuvi, o`rni cheklanib bormoqda.

“Bizda, ha, bu qari odam ekan, unga alohida yordam ko`rsatish kerak, degan hurmat bor. Lekin jamiyatdagi zo`ravonlik, poraxo`rlik kuchayib bu qadriyatlar unut bo’lmoqda”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.

Oqsoqoldan qo'rq

Boshqa fikrga ko`ra, hokimiyat oqsoqollardan mahalla aholisi haqida turli ma`lumotlar yig`ishda foydalanib keladi.

“Hokimiyat o’ziga quloq soladigan, kerak bo`lsa, bu odam rostdan ham “xizbchi” degan narsaga imzo chekib beruvchi oqsoqollarni ko`tarayapti. Avvalgiday, asosan, xalq tomonida bo`lgan, xalq orasida hurmat qilingan oqsoqollar hozir jamoat ishlaridan ham chetlatilgan”, - deydi faxriylardan biri.

XS
SM
MD
LG