Prezident Obama Saudiya qiroli Abdulla bilan uchrashdi


Prezident Barak Obama bugun Riyodda Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla bilan muloqot qildi.

AQSh rahbari bu mamlakatda tantanali ravishda kutib olingan. Muzokaralar qirol dala hovlisiga o'tgan. Obama ikki davlat o'rtasidagi strategik aloqalar va uzoq tarixga ega do'stona munosabatlarga yuqori baho berdi.

Obama qirol Abdulla bilan arab-Isroil mojarosi, Eron yadro dasturi va neft narxi xususida gaplashdi.

"Biz yaqin kelajakda neft importidan voz kechmoqchi emasmiz, ammo iqtisodiyotni kuchaytiruvchi, odamlarni ish bilan ta'minlovchi muqobil toza energiya manbalaridan foydalanish harakatidamiz," - deydi Obama.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Obama musulmon dunyosi bilan aloqalarni yangidan boshlamoqchi.

Obama ertaga Misrdan turib musulmon dunyosiga murojaat qilib, Amerika va islom dunyosi o'xshash orzu-maqsadlarga ega ekanini ta'kidlash niyatida.

Amerika musulmonlari Obamaning arab davlatlariga tashrifini yuqori baholamoqda.

AQShning Michigan shtatida 300 mingga yaqin arab yashaydi. Asosan Diyerborn (Dearborn) shahrida.

"Biz bu joyni Kichik Bayrut deb ataymiz. Ammo oramizda Iroq, Falastin, Yamandan chiqqan arablar ham bor. Juda ham ahil jamoa. Og'ir kunlarda bir-birimizga yordam beramiz," - deydi bu shahardagi Arab-amerikaliklar muzeyi xodimi Fay Saad.

2006 yili Saadning Bayrutdagi uyiga Isroil bombasi tushib, buvisi va xolasi o'lgan.

"Amerikada ishlab chiqarilgan bombalar yaqinlarimni o'ldirdi. Amerika Isroilni bombalar bilan ta'minlamasligi kerak. Bu qurollar arablarga qarshi ishlatilmoqda", - deydi Saad.

Asli falastinlik Anan Amiriyning umid qilishicha esa Obamaning Misrdagi ma'ruzasi Isroil va Falastin o'rtasida doimiy tinchlik o'rnatishga qaratilgan ilk qadam bo'ladi.

"Bu uzoqdan beri davom etayotgan muammo. Bir kecha-kunduzda hal bo'lmaydi. Yaqin Sharq masalasi murakkab bo'lib, falastinliklar muammosini odillik bilan yechish kerak",- deydi Amiriy.

Yana bir muhojir Xolid Sulaymonning aytishicha, Obama Amerikaning Bush prezidentligi davrida darz ketgan obro'sini tiklashi lozim.

"Gaplarini amalda isbotlashi kerak", - deydi u.

Ammo Malika Rushdan ismli yana bir amerikalik muslima fikricha Obamaning bir nutqiga qarab islom dunyosiga nisbatan siyosatini bilib bo'lmaydi.

Siyosatshunos Xuan Koul ham shu fikrda. Obama siyosati natijasida musulmon dunyosi bilan aloqalar qanday bo'lishiga bir necha oydan so'ng aniq baho berish mumkin, deydi u.

"Yanvarda Falastinda saylovlar bo'ladi. Agar AQSh bilan ish yurita oladigan hukumat tuzilsa, Obamaning ishi oson kechadi", - deydi Koul.

XS
SM
MD
LG