Barak Obama musulmonlarga "keling, do'st bo'laylik" demoqda


G'arbu-sharq aloqalarida yangi sahifa ochishga bel bog’lagan AQSh prezidenti Barak Obama bugun Misrda islom dunyosiga murojaat qildi .

Ham tarix, ham zamonaviylikni o’zida birdek mujassam etgan qadim Qohiraga “Amerika xalqining ezgu orzu-istaklari, vatandagi musulmon jamoalarning tinch-totuvlik haqidagi tilak-duolarini olib keldim”, - deya Obama nutqini “Assalomu alaykum” deb boshladi.

Yangi sahifa

Qo’shma Shtatlar va musulmon dunyosi o’rtasida yillar davomida shakllangan shubha-gumon va nifoqlarni chetga surib, munosabatlarni yangidan, o’zaro hurmat, ishonch va manfaat asosida qurish vaqti yetdi”, - dedi Barak Obama.

Bugunning ziddiyatlari uzoq tarixga ega. Asrlar davomida g’arbu-sharq munosabatlari hamkorlik qatorida ixtilof, diniy mojarolar va kolonializmga guvoh bo’lgan. Hozirga kelib globalizatsiya jarayoni va dunyo muammolarini birgalikda hal qilish zaruriyati aloqalarga yangicha tus bermoqda, yangicha qarashlar vujudga kelmoqda.

Obamaning aytishicha, o’zgarish bir kunda yoki birgina nutq vositasida ro’y bermaydi. “Biroq oldinga siljish uchun biz qalbimizda saqlab yurgan yoki odatda yopiq eshiklar ortida aytiladigan gaplarni ro’yirost muhokama qilishimiz darkor. Qolaversa, doimo haq gapni gapir deb Quronu karimda aytilgan,” - deydi AQSh rahbari. “Bir-birimizni hurmat qilib, quloq tutaylik, bir-birimizdan o’rganib, murosa qilaylik”.

Amerika va Islom

Musulmon ota va nasroniy ona farzandi, yoshligining bir qismini eng yirik musulmon jamiyati – Indoneziyada o’tkazgan Barak Obama avlodlari Islom dini bilan qorishganidan faxrlanadi.

“Amerika jamiyati va tarixi Islom bilan chambarchas bog’liq,” -deydi u. “Musulmon amerikaliklar vatan himoyasida urushlarda ishtirok etgan, hukumat va biznesda faol, fuqaro huquqlari uchun kurashgan. Ular oliygohlarda ziyo ulashayotgan muallimlar, sport ustalari, Nobel mukofoti sovrindorlari. AQSh Kongressiga saylangan ilk musulmon qonunchi davlat asoschilaridan biri - Tomas Jeffersonga tegishli Quronga qo’lini qo’yib, ont ichdi”.

Barak Obama shu so’zlar bilan, Amerika va musulmon olami o’rtasida ittifoqchilik Islom dini o’zida mujassam etgan eng yaxshi amallarga asoslanishi shart dedi. Amerika prezidenti sifatida, bu din haqidagi salbiy va yolg’on qarashlar qayerda uchramasin, ularga qarshi kurashishga so’z berdi.

"AQSh hech qachon Islomga qarshi urush qilmaydi"

“Xuddi shu asnoda”, deydi Obama, “Amerika ham aksariyat musulmonlar tasavvuridagi xudbin, bosqinchi mamlakat emas. Jahon taraqqiyotiga yirik hissa qo’shgan bu davlatning o’zi buyuk imperiyaga qarshi kurash mahsuli. Inson borki teng yaralgan. Irqi, dini va kasbidan qat’iy nazar, barcha tinch va xavfsiz hayot kechirish, ta’lim olish, farzandlarini voyaga yetkazishni istaydi. Insoniyatni birlashtiruvchi, unga umid beruvchi kuch bu”, - deydi u.

Bugun Amerikada 7 millionga yaqin musulmon yashaydi. Ular bu mamlakatdagi 1200 dan oshiq masjidlarga qatnab, erkin e’tiqod qiladi. Ko’pchilik bu diyorga erkinlik va imkoniyat izlab kelgan.

AQSh rahbarining ta’kidlachicha, “Qo’shma Shtatlar hech qachon musulmonlarga qarshi urushga bormaydi. Lekin zo’ravon ekstremistlarga qarshi jon-jahdimiz bilan kurashamiz”, - deydi Obama. “Zero AQSh, barcha dinlar singari, begunoh insonlar o’ldirilishini qattiq qoralaydi”.

Afg'oniston va Pokiston

Afg’oniston va Pokiston bugun ekstremist kuchlarga qarshi asosiy urush maydoni. “Maqsadga erishgach”, deydi Obama, “AQSh bu mamlakatni tark etadi va bu yerda bazalar barpo etish niyati yo’q”.

“Lekin muammo faqat harbiy qudrat hal bo’lmasligini allaqachon anglab yetganmiz”, -deydi prezident. “Pokistonda maktab, yo’l va kasalxonalar qurish, iqtisodiyotini oyoqqa turg’azish, ayniqsa qabilaviy hududlarda aholi turmush darajajini ko’tarish uchun yiliga 1,5 milliard dollar ajratish ko’zlangan. Afg’onistonga esa xuddi shu maqsadlarda qariyb 3 milliard dollar”.

Iroqdagi vazifalar

Iroqda esa, Obama ta’rificha, Vashington oldida ikki vazifa turibdi – bu mamlakat kelajagini qurishda ko’maklashish, so’ngra javobgarlikni bu xalqning o’ziga topshirish.

“Iroq suveren davlat. Uning hududi, tabiiy resurslariga ko’z olaytirayotganimiz yo’q. O’rtadagi kelishuv doirasida, AQSh jangovar brigadalari Iroq shaharlarini shu oy, 2012 yilda esa butunlay tark etadi”, -deya qayd etdi AQSh prezidenti.

Amerika Isroilni quvvatlashda davom etadi, lekin ...

Yaqin Sharqdagi eng og’riqli va AQSh-musulmon dunyosi o’rtasidagi munosabatlarni belgilovchi asosiy masala bu – Isroil-Falastin mojarosi. Vashington Falastin xalqi taqdiri, ular boshdan kechirayotgan azob-uqubatlarga ko’z yumib, eng yaqin ittifoqchisi bo’lgan Isroilni ko’r-ko’rona quvvatlayotganlikda ayblanadi.

Barak Obama bu masalaga to’xtalar ekan, “AQSh Isroil bilan mustahkam va uzilmas aloqalarga ega. Lekin Qo’shma Shtatlar Falastin xalqining o’z qadr-qimmatini himoya qilish, o’z davlatiga ega bo’lish istagini qo’llab-quvvatlaydi” deya ta’kidladi.

Falastin davlati yaralishi kerak

“O’nlab yillar davomida tinchlik qaror topmayotgan bu hududda Isroil aybni Falastinga, Falastin esa Isroilga to’nkashi oson. Bu xalqlar tinch va totuv yashashi uchun yagona yo’l bu – ikki mustaqil davlat barpo etish. Falastin davlati yaralishi kerak. Bu barchaning – Isroil, Falastin, AQSh va butun dunyo manfaatlariga javob beradi. Qanchalik murakkab bo’lmasin, ushbu natijaga erishishni o’z oldimga maqsad qilib qo’yganman”- deydi Obama.

“Falastinliklar zo’ravonlikdan qat’iyan voz kechishi, Isroil davlatini va hozirgacha erishilgan kelishuvlarni tan olishi zarur. Shu bilan birga, yahudiylar o’z vataniga ega bo’lishga qanchalik haqli bo’lsa, falastinliklar ham shunchalik haqli”.

Obama “Isroil G’arbiy sohilda uylar qurishni davom ettirayotgani tinchlik bitimlariga zid, bu jarayon darhol to’xtashi kerak” degan talabni qo’ydi.

XS
SM
MD
LG