Breaking News

Amerikada Eronga aloqador bir necha masjid yopilgan





Amerikadagi yirik musulmon tashkiloti Eron hukumatiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Federal prokurorlar suddan unga tegishli bir necha masjidni yopib, mulkini musodara qilishni so'ramoqda.

Masjidlar Nyu-Yorkda joylashgan Alavi Jamg'armasiga qarashli bo'lib, u orqali Assa xususiy korporatsiyasidan Eron davlat bankiga millionlab dollar o'tgan, deydi prokurorlar.

Eronni yadro quroli yaratayotganlikda gumon qilayotgan Qo'shma Shtatlar fuqarolarining Eronga qarashli moliyaviy tashkilotlar bilan ish yuritishini taqiqlagan. Jamg'arma qonunni buzganlikda ayblanmoqda va to'rt shtatda unga qarashli masjidlar yopilishi mumkin. Nyu-York, Kaliforniya, Texas va Merilendda.

Amerika-Islom aloqalari kengashi bu ishni qoralamoqda.

Tashkilot vakili Ibrohim Xuperning aytishicha, AQSh hukumati diniy erkinlikka tajovuz qilyapti.

Texasda Alavi jamg'armasiga tegishli Islom ta'lim markazi raisi Fahim Kozimiy gaplariga ko'ra, markazning Eronga aloqasi yo'q.

"Bu nodavlat, mustaqil tashkilot. Boshqa masjidlarga aloqamiz yo'q," deydi Kozimiy.

Prokurorlar Nyu-Yorkdagi 36 qavatli osmono'par bino jamg'arma mulki deb, uni ham musodara qilishni so'ramoqda. Ba'zi xabarlarga ko'ra, imorat 500 million dollarga baholangan.

Alavi Jamg'armasi vakili qarshi da'vo bilan chiqishini aytmoqda.

Payshanba kuni prezident Barak Obama Eronga qo'yilgan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirishga qaror qilgan. Ikki davlat o'rtasida 1979 yildan beri diplomatik aloqalar yo'q.

XS
SM
MD
LG