Breaking News

AQShda masjidlar soni oshgan


Ogayo shtatidagi Nur islomiy markazi - AQShdagi eng katta masjidlardan biri
Ogayo shtatidagi Nur islomiy markazi - AQShdagi eng katta masjidlardan biri

Mahalliy musulmon guruhlari koalitsiyasi va Xartford Dinshunoslik instituti hamkorligida o’tkazilgan izlanish natijasiga ko’ra, AQShda jami 2100 masjid bor. Bu raqam 11-sentabr voqealaridan oldingi ko’rsatkichdan 74 foiz ko’pdir. So’rovnomada musulmon jamoalarining Amerika hayotiga ko’proq integratsiyalishib borayotgani ham ma’lum bo’ldi.

Tadqiqot mualliflaridan biri, Kentuki universitetida islomshunoslik bo’yicha professor Ehson Bagbi bu natijalardan ajablanmaydi.

“AQShda musulmonlar jamoasi sog’lom va faol o’sib bormoqda. Kundan kun Amerika jamiyatining ajralmas bir qismiga aylanib boryapti”, - deydi u.

Nyu-York – eng ko’p masjidlar joylashgan shtat. Bu yerda 257 ta masjid bor. Kaliforniya shtati 246 ta masjid bilan ikkinchi o’rinda. 2000-yillarda AQShning shimoli-sharqiy hududi eng ko’p masjidlarga ega bo’lgan bo’lsa, hozirga kelib janub bu borada yetakchi.

Bagbining aytishicha, masjidlar hatto sharqiy Kentukining kichik shaharchalarida ham qurilmoqda.

“Shtat tog’larida ham masjidlar bor ekan, qurilayotgan ekan, demak, hamma joyda masjid bor, deyishimiz mumkin”.

Immigratsiya va aholining tabiiy ko’payishi hamda Amerikadagi musulmonlar moliyaviy ahvolining yaxshilanishi masjidlar ko’payishining asosiy sababidir, deydi mutaxassis.

Ikki yil muqaddam Nyu-Yorkda 11-sentabr falokati ro’y bergan rayonga yaqin joyda islomiy markaz qurish rejasi namoyishlar va noroziliklarni keltirib chiqargan edi. Ko’plab amerikaliklar 2001-yil xurujlarini musulmonlar ishi deb biladi.

Ommaviy so’rovda qatnashgan masjid imomlarining 56 foizi Qur’on va payg’ambar hadislarini Amerika hayotiga mos, zamonaviy nuqtai nazar bilan talqin etishlarini aytgan.
2000-yildagi so’rovnomada imomlarning yarmidan ko’pi Amerika jamiyatini musulmonlarga do’stona emas deb ta’riflagan bo’lsa, hozir bundaylar soni 25 foizdan kam.

“11-sentabr voqealari masjidlarni odamlar bilan yanada yaqinroq aloqa qilishga undadi, - deydi Bagbi. - Natijada qo’shnilar, hududdagi dinlararo guruhlar, cherkov va sinagogalar bilan olib borilgan muloqot o’zga din odamlari bilan samimiy va iliq munosabatlar o’rnatishga imkon yaratildi.”

Amerikada musulmonlarning aniq soni ma’lum emas, ammo hayit namozini masjidda ikki yarim milliondan ortiq odam o’qishini hisobga olganda, ayrimlar nazarida musulmonlar soni yetti million atrofida bo’lishi mumkin.

Xartford instituti professori Deyvid Ruzenning aytishicha, islom Amerikada eng tez o’sayotgan din. Lekin uning ta’sir doirasi hanuz kichik, deydi u.

“Islom AQShda tez tarqalayotganiga qaramay musulmonlar aholining 2-4 foizini tashkil qiladi, xolos”, - deydi mutaxassis.

Ruzenning fikricha, nasorolar orasida jamoaviy yig’inlarning ahamiyati yo’qolib bormoqda. Lekin masjidlarning o’sib borayotgani tashvishli hol emas, deydi u. Ruzenga ko’ra, tashvishlanishga molik holat bu dinsiz amerikaliklar sonining o’sib borayotganidir. AQSh aholisning 15 foizi o’zini ateist deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG